O‘zbekiston | 18:59 / 14.07.2020
7421
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev: Koronavirusga qarshi kurash uchun bizda barcha zaxira va imkoniyatlar mavjud

Prezident Shavkat Mirziyoyev 14 iyul, seshanba kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida mamlakatdagi epidemiologik vaziyatga yana bir bor alohida to‘xtalib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Prezident mamlakatda koronavirusga chalinganlar soni ko‘payib borayotgani munosabati bilan karantin talablarini yana kuchaytirishga majbur bo‘linganini ta'kidladi.

Nega deganda, ochiq aytish kerak, hozirgi kunda butun dunyo koronavirus deb nom olgan mana shu tilsiz yov, ko‘zga ko‘rinmas dushmanga qarshi urush holatida turibdi.

Urushga kirgan har qaysi davlat, har qaysi xalq o‘z yurtini, o‘z aholisini himoya qilish uchun barcha choralarni ko‘radi. Eng avvalo, xavf-xatarning yo‘lini berkitadi, temir intizom o‘rnatadi.

Qat'iy safarbarlik sharoitida yashash va ishlashga o‘tadi. Bugun biz ham ayni shunday holatdamiz.

Respublika maxsus komissiyasi tomonidan vaziyat muntazam tahlil qilinib, infeksiyani jilovlash yuzasidan barcha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Bu kasallikka qarshi kurash uchun bizda barcha zaxira va imkoniyatlar mavjud.

Eng muhimi, fidoyi va jasur shifokorlarimiz o‘z burchini sadoqat va matonat bilan bajarmoqda.

Takror aytaman, biz endi pandemiya sharoitida yashashga, mehnat qilishga o‘rganishimiz shart. Chunki hayot davom etmoqda. Hayot bizdan aql-idrok, sabr-toqat, metin intizom bilan harakat qilishni talab etmoqda.

O‘zimiz ko‘ryapmiz, dunyoda qaysi davlatda tibbiy madaniyat, tartib-intizom kuchli bo‘lsa, o‘sha mamlakat pandemiyadan eng kam talafot bilan chiqmoqda.

Biz ham shu yo‘ldan borishimiz shart. Albatta, o‘tgan 4 oy davomida odamlarimiz ko‘p narsaga o‘rgandi. Bizda ham ma'lum bir tajriba paydo bo‘ldi.

Mavzuga oid