O‘zbekiston | 16:47 / 07.09.2023
13765
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda qurilish qilish maqsadida 19 tup daraxtni quritishga urinish bo‘ldi

Qurilish qilish ko‘zda tutilgan joydagi daraxtlarni kesishning imkoni bo‘lmagach, ularning tubi drel yordamida teshilib, o‘simlikni quritadigan suyuqlik quyilgani aytilmoqda. Toshkent shahar prokuraturasi jinoyat ishi qo‘zg‘atdi.

Foto: Ekologiya vazirligi

Ekologiya vazirining maslahatchisi Rasul Kusherbayev 30 avgust kuni Toshkentning Olmazor tumani Chilto‘g‘on (Taxtapul) mahallasi hududida daraxtlarga zarar yetkazilgani haqida video e’lon qildi.

“Tadbirkor qurilish qilmoqchi bo‘lgan. Biroq mahalla ahli va ekologlar bu yerdagi yashnab turgan daraxtlarning kesilishiga qarshi. Kesishning imkoni bo‘lmagach, atrof o‘ralib, ko‘zdan pana holda daraxtlarning tubi teshilib, daraxtni quritadigan suyuqliqlar quyilgan. Buni daraxtlarga qarshi suiqasd deyish mumkin.

Afsuski, qurilish va pul dardi ba’zi “tadbirkor”larni kelajakni zavol qilishdan ham qaytarmayapti”, – deb yozgan vazir maslahatchisi.

Ekologiya vazirligi 6 sentabr kuni bergan ma’lumotga ko‘ra, “Airport House Builders” MChJga tegishli bo‘lgan hududda jami 19 tup manzarali daraxtlarga qasddan quritish maqsadida zarar yetkazilgani aniqlangan.

Tabiatni muhofaza qilish organi o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar qiymatini 1 mlrd 97 mln 184 ming so‘mga baholagan. Tegishli hujjatlar prokuraturaga oshirilgan.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, 5 sentabr kuni Toshkent shahar prokuraturasi holat yuzasidan JKning 198-moddasi Z-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.

Jinoyat kodeksining 198-moddasi 3-qismida “ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni qasddan shikastlantirish, payhon qilish, nobud qilish ko‘p miqdorda zarar yetkazilishi” haqida gap boradi. Bunday harakat uchun BHMning 150 baravaridan 200 baravarigacha miqdorda jarima yoki 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi mavjud.

Shu bilan birga, yetkazilgan moddiy zararning o‘rni 3 karra miqdorida qoplangan taqdirda, aybdorga ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanmaydi.

Mavzuga oid