Jahon | 17:02 / 24.04.2026
3284
9 daqiqa o‘qiladi

Yadroviy qurol ehtimolini rad etgan Tramp, Ukrainaga ajratilgan milliardlar va internet o‘chirilishini oqlagan Putin – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Erondagi urush

Payshanba kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Eron bilan tinchlik kelishuvi borasida shoshilmayotganini ta’kidladi. «Meni shoshiltirmang. Men eng yaxshi kelishuvga erishmoqchiman... Uning mangu bo‘lishini istayman», dedi u.

Shuningdek, Tramp Oq uyda jurnalistlarning Eronga qarshi yadroviy qurol qo‘llash ehtimoli haqidagi savoliga javob berdi:

«Yo‘q. Nega endi u menga kerak bo‘lsin? Qanday ahmoqona savol. Nima uchun men yadroviy qurolni qo‘llashim kerak?» dedi Tramp.

Uning aytishicha, AQSh Eronni an’anaviy qurollar bilan «yakson qilgani» sababli bunga hojat yo‘q: «Men uni ishlatmagan bo‘lardim. Hech kimga yadro qurolidan foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi kerak», dedi Tramp jurnalistlar bilan suhbatda.

Shu bilan birga, u Ho‘rmuzdagi dengiz qarama-qarshiligida AQSh yaqqol ustunlikka egaligini da’vo qilishda davom etdi.

Eron esa bir kun oldin Ho‘rmuz ustidan nazoratni kuchaytirganini namoyish qilgandi. Payshanba kuni Tramp AQSh harbiy-dengiz kuchlariga bo‘g‘ozga mina yotqizayotgan Eron qayiqlarini «o‘qqa tutish va yo‘q qilish» buyrug‘i berilganini ma’lum qildi.

Payshanba kuni Yaqin Sharqdagi urushning ikkinchi frontida ham o‘zgarishlar bo‘ldi. Isroil va Livan Oq uyda prezident Donald Tramp vositachiligida o‘tgan uchrashuvda o‘t ochishni to‘xtatish rejimini yana uch haftaga uzaytirdi.

Ammo o‘t ochishni to‘xtatish rejimi uzaytirilganiga qaramay, Livan janubida to‘qnashuvlar davom etdi. Isroil hujumlarida livanlik jurnalist ayol o‘ldirildi, «Hizbulloh» ham qarshi xujumlar uyushtirdi.

Bundan tashqari, Isroil Eronga hujumlarni qayta boshlashga tayyorligidan ogohlantirdi. Mudofaa vaziri Israel Kats urushni qayta boshlash uchun AQShdan «yashil chiroq» kutayotganini va agar bu sodir bo‘lsa, birinchi bo‘lib Xominaiy nishonga olinishini aytdi.

Nihoyat Ukrainaga pul ajratiladi

Payshanba kuni Vengriya vetoni bekor qilganidan so‘ng Yevropa Ittifoqi Ukrainaga 90 milliard yevrolik qarz berishni yakuniy tasdiqladi. Bu bilan bosh vazir Viktor Orban o‘z vakolatining so‘nggi oylarida blok ichidagi keskin mojaroga chek qo‘ydi.

Olg‘a siljish – Ukraina Rossiya neftini Vengriya va Slovakiyaga yetkazib beruvchi «Drujba» quvuri ishini qayta tiklashi mumkinligini e’lon qilganidan keyin yuz berdi.

Moliyaviy sxemani boshqaradigan Yevropa Komissiyasi Kiyevga birinchi to‘lov «imkon qadar tezroq» o‘tkazilishini aytmoqda. Ijroiya organida tezkor harakat qilish uchun naqd pul zaxirasi mavjud.

2026 yil uchun Bryussel 45 milliard yevroni bosqichma-bosqich o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Shundan 16,7 milliard yevro moliyaviy yordamga, 28,3 milliard yevro esa harbiy yordamga yo‘naltirilgan.

To‘lovlar Kiyev tomonidan amalga oshiriladigan islohotlarga bog‘liq bo‘ladi. Korrupsiyaga qarshi kurashdagi har qanday orqaga ketish yordamning vaqtincha to‘xtatilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Qolgan 45 milliard yevro 2027 yil uchun saqlab qolinadi.

Birgalikda qarz olishda Vengriya, Slovakiya va Chexiya ishtirok etmaydi. Natijada qolgan 24 ta a’zo davlat yiliga taxminan 3 milliard yevro miqdorida foiz to‘lovlarini to‘laydi.

Ukraina 90 milliard yevrolik qarzni Rossiya urush tovonini to‘lashga rozi bo‘lgan taqdirdagina qaytarishi kerak bo‘ladi.

Moskva esa Ukrainaga tovon to‘lashni rad etib keladi. Ammo Yevropa banklarida Rossiyaning 210 milliard yevroga teng muzlatilgan aktivlari bor.

Maduroning ag‘darilishidan pul ishlagan harbiy

Nikolas Maduroni qo‘lga olishda qatnashgan AQSh Maxsus kuchlari master-serjanti Gannon Van Dayk maxfiy ma’lumotlardan foydalangan holda Polymarket prognoz bozorida garov o‘ynagan. U AQSh kuchlarining Venesuelaga kirishi va Maduroning hokimiyatdan ketishiga pul tikib, 400 ming dollar ishlab olishda ayblanmoqda. Holat Maduro 2026 yil 3 yanvarda hibsga olinishidan bir necha hafta oldin ro‘y bergan.

Mazkur ayblov 23 aprel kuni AQSh Adliya vazirligi tomonidan e’lon qilindi. Manhetten federal sudi hakamlar hay’ati 38 yoshli Van Daykka nisbatan: hukumatning maxfiy ma’lumotlaridan shaxsiy manfaat yo‘lida noqonuniy foydalanish; hukumatning ommaga ochiq bo‘lmagan ma’lumotlarini o‘g‘irlash va tovarlar bilan bog‘liq firibgarlik kabi ayblovlar qo‘ydi.

Prokurorlarning ta’kidlashicha, Van Dayk Maduroni qo‘lga olish operatsiyasini «rejalashtirish va ijrosida» shaxsan ishtirok etgan.

Prezident Donald Tramp bu ishdan unchalik xabardor emasligini aytdi. Uning aytishicha, bu unga qimor mojarosi tufayli Beysbol oliy ligasidan chetlatilgan Pit Rouzni eslatgan.

«Bu xuddi Pit Rouzning o‘z jamoasiga garov tikkaniga o‘xshaydi. Agar u o‘z jamoasiga qarshi pul tikkanida bu juda yomon bo‘lardi, lekin u o‘z jamoasining foydasiga tikkan. Men buni o‘rganib chiqaman», dedi Tramp.

Polymarket portali o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi postida ushbu masalani Adliya vazirligiga yo‘llaganini bildirdi. «Insayderlik savdosiga Polymarket'da o‘rin yo‘q. Bugungi hibsga olish – tizim ishlayotganining isbotidir», deyiladi postda.

Putin Rossiyada internetning o‘chirilishi haqida

23 aprel kuni prezident Vladimir Putin Rossiyadagi internet uzilishlari xavfsizlik nuqtai nazaridan joriy etilayotganini aytib, jamoatchilik noroziligiga sabab bo‘lgan choralarni oqladi. Putin televideniye orqali bergan bayonotida huquq-tartibot idoralari xodimlari yechim topishda va hayotiy muhim xizmatlar faoliyatini kafolatlashda topqir bo‘lishi kerakligini ham aytdi.

«Yirik shaharlarda odamlar boshidan kechirayotgan muammolarga e’tibor qaratmay ilojim yo‘q. Bu holat doimiy emas, lekin afsuski, sodir bo‘lib turibdi. Men yirik shaharlardagi internet bilan bog‘liq muayyan muammolar va uzilishlarni nazarda tutyapman», dedi u hukumat yig‘ilishida.

«Albatta, agar bu terrorchilik hujumlarining oldini olish bo‘yicha tezkor ishlarga bog‘liq bo‘lsa — ustuvor vazifa har doim odamlar xavfsizligini himoya qilish bo‘lib qolaveradi», deya qo‘shimcha qildi u.

Putin internet uzilishlari haqida aholiga oldindan xabar berish zararli bo‘lishi mumkinligini aytdi, chunki uning fikricha, «jinoyatchilar ham hamma narsani eshitadi va ko‘radi», natijada ular o‘z xatti-harakatlari va rejalarini shunga qarab o‘zgartirishi mumkin.

Rasmiylar o‘tgan oyda Moskvada mobil internetni deyarli uch haftaga o‘chirib qo‘yishdi. Shuningdek, Ukraina dronlari hujumlarni yo‘naltirishda undan foydalanishi xavfini ro‘kach qilib, boshqa joylarda ham muntazam ravishda internetni bloklash ishlari olib borilmoqda.

Internetning o‘chirilishi — bank, transport va boshqa kundalik xizmatlardagi uzilishlardan charchagan oddiy xalq, tadbirkorlar va hatto amaldorlarning ham tanqidiga sabab bo‘lmoqda.

Texnogigantlar ishchi kuchini qisqartirmoqda

Ijtimoiy tarmoqlar giganti Meta payshanba kuni sun’iy intellekt ilovalarini ishlab chiqishni kengaytirish maqsadida taxminan 8 000 nafar xodimini yoki ishchi kuchining 10 foizini qisqartirish rejalarini e’lon qildi.

Facebook va Instagram ijtimoiy tarmoqlari, WhatsApp messenjeri egasi bo‘lgan kompaniya qisqartirishlarning birinchi bosqichini 20 mayga belgilagan. Qisqartirishlar bilan bir qatorda yana 6 000 ta bo‘sh ish o‘rni to‘ldirilmasdan qoladi.

Shuningdek, AQSh texnologiya giganti Microsoft qariyb 8 700 nafar ishchisiga — xodimlarining taxminan 7 foiziga ixtiyoriy, muddatidan oldin pensiyaga chiqish uchun kompensatsiya taklif etayotgani xabar qilindi.

Shtatlarning qisqartirilishi har ikki kompaniya sun’iy intellekt ilovalarini ishlab chiqish xarajatlarini oshirayotgan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda.

Meta «shaxsiy o‘ta aqlli intellekt» ishlab chiqish rejalarini e’lon qildi. Bosh direktor Mark Tsukerberg so‘zlariga ko‘ra, bu AI agentlarni har bir foydalanuvchining ehtiyoj va istaklariga moslashtiradi.

Microsoft ham AI tizimlarini quvvatlantiruvchi ma’lumotlar markazlarining global tarmog‘ini kengaytirish uchun milliardlab dollar sarflamoqda.

Фаррух Абсаттаров
Muallif Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid