Faoliyatda qonun buzilishi, sertifikatsiz o‘qituvchilar va norozi ota-onalar – “NEWTON ACADEMY” o‘quv markazi haqida nimalar ma’lum?
Toshkentda bir nechta filiallarga ega “Newton Academy” o‘quv markaziga farzandini berib, bir yillik to‘lov qilgan bir guruh ota-onalar undagi ta’lim sifatidan norozi. Kompaniya rahbariga ko‘ra, ular bilan “tushunmovchilik” yuzaga kelgan. O‘quv markazi prezident maktablari xodimlari bilan ishlashini iddao qiladi, aslida esa bunday bo‘lishi mumkin emas. Davlat idoralari markaz litsenziyasiz faoliyat yuritgani va o‘qituvchilarning sertifikati yo‘qligini aniqladi.
Kun.uz bundan bir oy avval bolalarni prezident maktablari va boshqa ixtisoslashtirilgan maktablarga tayyorlovchi o‘quv markazidagi ta’lim sifatidan ko‘plab ota-onalar norozi ekani haqida material e’lon qilgandi. Shundan keyin saytga bu masalada qator murojaatlar kelib tushdi.
Maqolada o‘quv markazining nomi tilga olinmaganiga qaramay, fuqarolar “Newton Academy” haqida gap ketayotganini ilg‘adi. Muammoning ko‘lami kengligini inobatga olib, sayt o‘z o‘rganishlarini davom ettirdi.
“Menejyerlari so‘zamol ekan, gaplariga ishonib qolibmiz”
“Newton Academy”ning Toshkentda bir nechta filiallari bor. Asosiy ofisi Yakkasaroy tumanidagi Rakat mahallasida joylashgan. Kun.uz'ga murojaat qilgan ota-onalarning so‘zlariga ko‘ra, ular ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘quv markazining reklamasini ko‘rgach, darslar haqida batafsil ma’lumot olish uchun Rakat mahallasiga borgan.
Ota-onalarning aytishicha, o‘quv markazining gapga chechan menejerlari kelgan mijozni shartnoma imzolatmasdan qo‘ymaydi: darslar sifatini obdon maqtab, to‘lovga kelganda “bugun chegirmaning oxirgi kuni” deyishadi.
“Hozirgi kunda aksiya ketayotganini, agar aksiyada qatnashmasdan shunchaki o‘qitsam, 12 mln bo‘lib, oyiga 1 mlndan tushishini, agar Uzum Nasiyaʼdan olib, pulini darrov to‘lasam, 9,9 mln bo‘lishini, arzonga tushib, biz [puldan] yutishimizni aytishdi. “Aksiya doirasida nechta bolani qabul qilsak, yil oxirigacha ularga boshqa bolalar qo‘shilmaydi, maxsus dastur asosida o‘qitiladi, ustozlari juda zo‘r, Britaniya texnologiyasi asosida o‘qitiladi” deb, xullas, bir ajoyib-ajoyib va’dalarni berishdi.
Shartnomani tuzdi, telefonda kartangiz ulanganmi, dedi, ko‘rsatishimni so‘radi, ko‘rsatdim. “Bitta shu kartangizdan kirib ko‘ray, sizda qancha limit bor ekan?” dedi. Uzum Nasiyaʼni o‘zi yuklab olib, kiraman dedi. Kirishiga rozi bo‘lib, pul olishga shoshilmasligini aytdim. 17 mln so‘mgacha limitim bor ekan... Shu bilan shartnoma rasmiylashtirildi”, – deydi Robiya Aliyeva.
“Bularning reklamasi ijtimoiy tarmoqlar orqali kelib qoldi. Asosan matematika, ingliz tilidan prezident maktabiga tayyorlashar ekan. Shunisi qiziq bo‘lib turib, Rakat mahalladagi filialiga olib bordim. Baxtiyor degan bola kutib oldi, “prezident maktabida unday bo‘ladi, bunday bo‘ladi”, deb rosa maqtadi. Nima bo‘lsa ham bolalarning o‘qishiga deb rozilik berdik.
Bular boshida reklamada 4 ta fandan juda arzon narx ko‘rsatgan, keyin ichida nimalar bo‘lishini tushuntirishdi, tariflari boshqacharoq edi. “Bir yilga to‘lasangiz, hech qanday boshqa qo‘shimcha to‘lovlari yo‘q, Uzum Bankʼdan rasmiylashtirib yuboramiz” dedi. Keyin men farzandim avval 1-2 darsga borib ko‘rishini, bolaning qobiliyatiga qarab hal qilishimizni aytdim. “Yo‘q, aka, hozir shu yerning o‘zida hammasini hal qilib yuborishimiz kerak” dedi. Rozi bo‘lib, shartnomani imzoladim. Keyin shu bilan [farzandim] bitta darsga bordi, sharoitlarini ko‘rsak, umuman qoniqtirmadi”, – deydi shaxsini ochiqlashni istamagan fuqaro.
“Boshida, to‘g‘risi, e’tibor bermay qolibmiz, chunki o‘zini menejer deb tanishtirgan yigit so‘zamol ekan, har bitta savolimizga hozirjavoblik bilan javob berib, bizni shoshirib qo‘ydi. O‘sha kuni o‘zi men ham shartnoma tuzmoqchi emasdim, lekin ular Uzum Nasiya orqali qilsangiz, shuncha chegirma bo‘ladi deyishgani uchun biz ham shartnoma qilgan edik”, – deydi Mansurjon Toshmatov.
“To‘lov qilish tizimi ham ajoyib, haqiqiy maxinatsiya: 3 oylik to‘lovi juda qimmat, 6–6,5 mln so‘m edi, 6 oyiga yana qanchadir, 1 yilga naqd olib borsam, chegirma bilan 10,3 mln so‘m qilib berishlarini aytishdi. Yonimda naqd pul yo‘qligi, shunchaki surishtirgani kelganimni aytdim. Bugun chegirmadan foydalansam, foydalandim, bo‘lmasa boshqa bu imkoniyatdan foydalana olmasligimi aytishdi. U yigitlar ham ja uddaburon ekan, qaysi tumanda yashashimni so‘rab, pulni olib kelish uchun kurer yuborishlarini aytishdi”, – dedi Olimxo‘ja Siddiqov.
Ota-onalarning to‘langan pullarni qaytarib olish harakatlari
Kun.uz suhbatlashgan ota-onalar shosha-pisha shartnoma tuzib qo‘yganidan keyin darslarga qatnagan farzandida natija ko‘rmagani, dars sifatidan qoniqmagani uchun to‘lagan pullarini qaytarib olishga qaror qilgan.
“Borsam, ular aytgan sharoitlar yo‘q. Bilim darajasi, yoshi har xil bolalar o‘tiribdi. Bolalar hali karra jadvalini ishlab o‘tirishibdi. Oqtepa sohilbo‘yidagi filiali edi. Ishxonamga yaqin bo‘lgani uchun o‘sha filialini tanlagandim. Keyin o‘g‘lim borib, birinchi darsiga kirdi, 1,5 soat darsi o‘tgach, darslar yoqmaganini aytdi. Ertasiga darsga olib boraman desam, bormayman deb yig‘lab yubordi.
Ular ta’riflab berganida, o‘quv xonalari juda ham zo‘r deb tasavvur qilgandim. Britaniya texnologiyalari asosida ta’limni olib boramiz deyishgandi, qandaydir yangi texnologiyalarni faraz qilgandim. Lekin borsam, oddiy “pochemuchka”lardan farqi yo‘q.
Shartnomani bekor qilaman deb filialga yana qaytib bordim, borsam na direktorining, na xodimlarining tayini bor. Xullas, 2 oy ovora bo‘ldim, shartnomani bekor qilolmay. 2 oy davomida vaqtim, asabim ketdi. Bir amallab shartnomani bekor qildirdim. 7,4 mln so‘m pulimni qaytarib berishdi, qaytarib bergunicha har oy 1,7 mln so‘m “Uzum Nasiya”dan pulimni yechib turishdi. Qolgan 2,5 mln so‘mni yonimdan to‘ladim. Instagram'dagi hamma reklamalarga ham ishonaverish kerak emas ekan. Reklamada hamma narsani, yo‘q narsalarni ham bor deb gapiraverishar ekan”, – deydi Robiya Aliyeva.
“Ustozlaridan so‘rasak ham na bir qo‘lida kitobi bor, na o‘quv qo‘llanmasi, dasturi bor. “Nimadan o‘tyapsan?” deb talaba yigitdan so‘rasam, telefondan misollar to‘plamining pdf variantini ko‘rsatyapti. “Menga boshqacha narsalarni va’da qilishgandi, bunaqasi ketmaydi. Men ham internetdan yuklab turib, qo‘liga berib qo‘yaveraman” deb, xodimlariga chiqib, dasturini berishini so‘rasam, “bu maxfiy narsa, agar [dasturni] bersak, boshqa raqobatdoshlar foydalanadi”, deydi.
Gangadagi filialiga yozdirgandik. Yana nima deydi: “biz ataylab yoshi katta ustozlarni emas, yosh ustozlarni olganmiz” deydi. “Ha, bularning ingliz tilidan qandaydir darajasi bormi, IELTS'dan nechadir balli bormi, tanishtir”, desa, na sertifikatini, na o‘quv qo‘llanmasini taqdim eta oldi. Hech narsa taqdim qilolmadi. Reklama orqali ko‘plab odamlar borgan, internetdan misollar to‘plamini yuklab turib, bolalarga shuni ishlanglar deyishi olayotgan narxiga to‘g‘ri kelmaydi.
Xullas, u dedi, bu dedi, bir telefonni ko‘taradi, bir ko‘tarmaydi, oxiri bu shartnomani bekor qilib berishini so‘rasa, bunga ham aytarli javob bermaydi”, – deydi shaxsini ochiqlashni istamagan fuqaro.
“Farzandim 2 oycha qatnadi. Darslar ular oldindan aytganidek sifatli bo‘lmadi, qo‘pol qilib aytganda qop-qop va’dalarni berishdi. Har darsga borganda, bolalarga ball qo‘yib borilardi. Telegram orqali “farzandingiz shuncha balldan shuncha oldi” deb kelib turardi, lekin darsga bormagan kunlari ham shunday SMS kelib turdi. Keyin men bu nomiga qo‘yilgan ekan, avtomatik yuborilarkan, deb o‘yladim.
Sifatdan qoniqmaganimni borib aytdim, “ariza yozib ketsangiz, tez kunda aloqaga chiqib, pulingizni qaytarib beramiz” deyishdi. Aynan o‘sha kuni borganimda boshqa ota-ona ham menga o‘xshab, 1 yillik shartnoma tuzib, Uzum Nasiya orqali pul to‘lab qo‘ygan ekan. U ayolning aytishicha, ariza yozganiga 1 oydan oshgan, lekin haliyam pulini qaytarib bermayotgan bo‘lgan. Uzum Nasiyaʼdan esa har kuni pulini to‘lang deb qo‘ng‘iroqlar qilib turgan”, – deydi Mansurjon Toshmatov.
“Farzandim Sergeli filialiga boradi. “Qabul 1 sentabrgacha, keyingisi martdan ochiladi, bu orada o‘quvchi qabul qilmaymiz, nechta o‘quvchi qabul qilsak, shunchasini o‘qitamiz” degan edi. Lekin ular haligacha har kuni reklama qilib, o‘quvchi qabul qilib yotibdi.
Keyin rostdan prezident maktabidan malakali o‘qituvchilar kelib, treninglar, darslar o‘tib ketadi deyishgandi. 2 oy bo‘ldi, lekin haligacha kelib unday o‘tgani yo‘q, bu bo‘ladimi yoki yo‘q bilmayman. Bundan tashqari, 1 kunda 1,5 soatdan 2 ta fan o‘tilishini aytishgandi. Lekin darsini darrov tugatyapti”, – dedi yana bir shaxsini ochiqlashni istamagan ayol.
“Newton Academy”ning eski mijozlaridan biri 3 yil oldin ham shunday muammolar bo‘lganini bildirdi.
“O‘shanda yangi ochilgan vaqti edi. Ota-onalar o‘quv markaziga berdim, endi yaxshi bo‘lib ketadi deydi, hech kim [o‘quv markaziga] bormaydi-ku. Men endi o‘zim borganim uchun 2 haftaning ichida [farzandim] 5 martami darsga borgan, shundan keyin chiqarib olganman. Lekin bizning ham pulimizni qaytarib bermagan. U vaqtda 3 oy yoki 6 oyga 3 mln so‘m qanchadir ham olgandi, 2 mln qanchadirini qaytarib bergandi. Endi hech qanday asos ham yo‘q-da, shartnomaga imzo chekib qo‘ygansiz, shartnomada esa shu joyini kiritib ketishgan. “Agar mabodo pulini qaytarib oladigan bo‘lsa, 1 oylik pul chegirmasiz olib qolinadi, qolgani chegirmadan tashqarida qaytarib beriladi” deb yozib qo‘yishgan. Bunday olib qaraganda qonunga xilof joyi yo‘q-da, shu sabab oxirigacha borib yurmagandik. Lekin bekordan bekorga odamlarning vaqtini, umrini olib yuribdi-da”, – deydi o‘quv markazining eski mijozlaridan biri.
Prezident maktablari bilan shubhali “hamkorlik”
Kun.uz muxbiri surishtiruv maqsadida o‘quv markazining bosh ofisiga bordi va farzandini o‘qishga bermoqchi ekanini aytib, o‘zini bosh menejer sifatida tanishtirgan Sardor ismli yigit bilan suhbatlashdi. U keyingi uchrashuvga farzandi bilan kelishini aytib ketgan muxbirga Telegram orqali bog‘lanib, “yilda bir marta bo‘ladigan” qabul tugashiga oz qolgani vajidan bolani tezroq olib borishni maslahat berdi.
Suhbat davomida menejer o‘quv markazi natija ko‘rsatishda “1-o‘rinda” ekani, prezident maktablari saytida ota-onalarga “Newton Academy” tavsiya qilinganini aytdi. Lekin isbot tariqasida hech qanday hujjat yoki havola taqdim qilgani yo‘q. Qolaversa, markaz rasmiy saytida ham prezident maktabi xodimlari bilan hamkorlikda ishlashi haqida yozilgan.
Vaholanki, Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi avvalroq Kun.uz'ga bu kabi aldov va soxta ma’lumotlarga asoslangan reklamalar mutlaqo haqiqatga zid ekanini, ular faqatgina prezident maktablari maqomidan noqonuniy foydalanib, o‘quv markazlari nomlarini ommalashtirishga mo‘ljallanganini ma’lum qilgan.
Kompaniya rahbari: “O‘qituvchilarimiz prezident maktablarini tamomlagan”
Kun.uz muxbiri ayni masalada izoh olish uchun “Newton Academy”direktori Baurjan Tuyukbayev bilan gaplashdi. Uning aytishicha, so‘nggi 3 yil davomida o‘quv markazida 5 mingdan ziyod o‘quvchi tahsil olgan bo‘lsa, shuning taxminan 410 nafari ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalariga tayyorlangan va salkam 100 nafari shu maktablarga kira olgan.
“O‘quv markazini tashkil etish davomida biz barcha ta’lim tashkilotlarining metodlarini faol ravishda o‘rganib chiqdik. Shu jumladan, prezident maktablarining ham. Biz o‘zimizning metodikamizni ishlab chiqish uchun ochiq manbalar, ta’lim sohasidagi ekspertlarga tayandik. Bizdagi o‘qituvchilarning o‘zi prezident maktablarini tamomlagan. Masalan, bizning o‘qituvchimiz Karimov Suhrob. Uning 10 nafardan ziyod o‘quvchisi prezident maktabiga kirdi.
Biz har kuni o‘qitish tizimimizni takomillashtirib boramiz. Bularning hammasi o‘qituvchilarimizning, qayta aloqaga chiqayotgan ota-onalarimizning sharofati bilan. Har kuni o‘z mahsulotimiz ustida ishlashga harakat qilyapmiz.
Biz doim shikoyatlarga qayta aloqaga chiqishga e’tibor bilan yondoshamiz, operativ munosabat bildiramiz. Chunki biz uchun o‘quv markazimizning va [undagi] o‘qitish sifati muhim. Shuning uchun tezkorlik bilan munosabat bildiramiz va mijozlarimizga yechimlar taklifini berishga harakat qilamiz.
Tushunmovchilik qayerdan paydo bo‘ladi? Odatda bank bilan ishlashda yuzaga keladi. Masalan, Uzum Bank istalgan nasiya uchun 20 foiz miqdorda komissiya ushlab qoladi. Odamlar nasiya qanday ishlashini bilmaydi, Uzum Bank bizdan 20 foiz komissiya olib qoladi. Shu sababli pulni qaytarishda biz 20 foizli komissiyani qaytarib berolmaymiz.
Hatto shunda ham biz odamlarga mana shu 20 foizni qaytarib beramiz, zararga ishlasak ham. Uzum Bank 20 foizni olib qoladi, biz mijozlarga o‘z hisobimizdan qoplab beramiz. Shu sabab birinchi tushunmovchilik yuzaga kelmoqda.
Ikkinchisi, odamlar doim ham shartnomani o‘qimaydi va to‘lov tizimi qanday ishlashini bilmaydi. Shu sabab keyinchalik bunday tushunmovchilik yuzaga kelmasligi uchun hozirda biz faol ravishda odamlarga to‘lov tizimimiz qanday ishlashini tushuntiryapmiz”, – dedi Tuyukbayev.
Markaz direktoriga ko‘ra, hozirga kelib “shikoyatlarning barchasi ijobiy hal qilingan”. Jumladan, Kun.uz taqdim qilgan ro‘yxat asosida murojaat qilgan shaxslarning ham pullari qaytarilgan.
O‘quv markazi faoliyatida qonun buzilishi
Ushbu ko‘rsatuvni tayyorlash chog‘ida Raqobat qo‘mitasi bir nechta nodavlat ta’lim muassasalari qatorida “Newton Academy”ga ham chora ko‘rilganini ma’lum qildi. Qayd etilishicha, “Newton Academy KZ” o‘quv markazi faoliyati tekshirilganda qonun buzilishi holatlari aniqlangan, shunga muvofiq moliyaviy jarima qo‘llangan.
Ya’ni markaz faoliyatini tashkil etishda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga bu haqda xabar bermagan. Vaholanki, qonunchilikka ko‘ra, nodavlat maktabgacha, umumiy o‘rta hamda maktabdan tashqari ta’lim xizmadarini ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subektlari vazirlikni xabardor qilishi lozim.
Kun.uz qo‘mitadan ayni holat bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlarni oldi. Qayd etilishicha, shu yil yanvar oyida 5 nafar fuqaroning o‘quv markazidagi ta’lim sifati va oldindan to‘langan to‘lovni qaytarib olisholmayotgani yuzasidan murojaat kelib tushgan va qo‘mitaning poytaxt boshqarmasi tomonidan ish qo‘zg‘atilib, pullar qaytarilishi bo‘yicha markazga ko‘rsatma berilgan. Ammo bu ko‘rsatma bajarilmagan.
Qo‘mita fuqarolar manfaatida sudga da’vo arizasi kiritgan. 2024 yil sentabrdagi sud qarori bilan da’vo qanoatlantirilib, besh nafar fuqaroga “Newton Academy KZ” MChJdan jami 55 mln 300 ming so‘m undirish belgilangan.
Raqobat qo‘mitasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, o‘quv markazi Farg‘ona viloyatida ham filial ochib, keyinchalik uning faoliyatini to‘xtatgan. Ammo ushbu filialga farzandini bergan ota-onalar to‘lagan pullarini ololmagan.
IIB tergovga qadar tekshiruv o‘tkazib, jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.
O‘quv markazini qanday tanlash kerak?
Ta’lim sohasida ekspert, pedagog Shokir Tursunning aytishicha, qaysi bir o‘quv markazi prezident maktabi xodimlari bilan hamkorlikda ish ko‘rishi haqida ma’lumot bersa, bu – yolg‘on. Mutaxassis nima uchun bu yolg‘on bo‘lishi, agar rost bo‘lgan taqdirda ham nima uchun samarasiz ekanini tushuntirib berdi.
“Ko‘pchilik o‘quv markazlari reklamalarida prezident maktablari bilan hamkorlik qilishi haqida gap ketadi. Prezident maktablarini boshqaradigan agentlik ham juda ko‘p takrorlaydi: “Biz hech qaysi o‘quv markazi bilan hamkorlik qilmaymiz” deb. Bu – haqiqat. Aytaylik, prezident maktabining birorta o‘qituvchisi yashirin holda hamkorlik qilishi mumkin-ku, degan fikr ota-onalarda bo‘lsa, bu o‘quv markazini hech qachon sifatli qilib qo‘ymaydi.
Chunki prezident maktablariga o‘qishga qabul qilish uchun o‘tkaziladigan imtihonni Cambridge Assessment tuzadi, yaratadi. U Kembrijdan keladi, u yerda prezident maktabida ishlaydigan biror bir xodim test tuzib o‘tirmaydi, ular juda ham uzoq muddat davomida tuzilgan, aprobatsiyadan o‘tkazilgan, baholash va testologiya talablari, pedagogik o‘lchov bo‘yicha talablarga javob beradigan testlar olib kelishadi. Bu jarayonda prezident maktablari o‘qituvchilari test tuzish bilan shug‘ullanmaydi. Bu degani o‘z-o‘zidan testlar qanday bo‘lishi prezident maktabi o‘qituvchisi ko‘chadagi o‘quv markazi o‘qituvchisidan ko‘p bilmaydi.
Va bir narsani inobatga olish kerak, prezident maktabida ishlovchi odam imtihonga tayyorlay oladi degan fikr noto‘g‘ri. Hozir tushuntirganimiz shu fikr xato ekanini isbotlaydi. Ya’ni prezident maktabida ishlovchi matematika o‘qituvchisi Cambridge'ning na o‘quv dasturlari, na imtihon [testlari] yaratilishida qatnashmaganidan keyin, o‘quv markazlari ming hamkorlik qilgan taqdirda ham samarani ta’minlab berolmaydi. Birorta o‘quv markazi “biz prezident maktabi o‘qituvchilari bilan hamkorlik qilamiz” deyaptimi, bu birinchidan yolg‘on, ikkinchidan, rost bo‘lib, kimnidir topib yashirincha hamkorlik qilgan taqdirda ham samarasiz”, – deydi u.
Pedagogga ko‘ra, har qanday o‘quv markazi haqida gap ketadigan bo‘lsa, uning 2 xil jihatiga qarash lozim. Birinchisi – markazning joylashuvi va moddiy-texnik sharoiti. Ota-onalar markazning qayerda joylashgani, qulay hududdami yoki yo‘q, yaqinmi yoki uzoq, qolaversa, binosiga qancha o‘quvchi sig‘ishi, gigiyenik jihatdan qanchalik tozaligi, barcha kerakli sharoitlari borligi yoki aksi kabi jihatlarni inobatga olishi zarur.
“Nechta o‘quvchisi bor, hojatxonasi yetarlimi, mavjudmi? Ba’zi o‘quv markazlariga kirsangiz, mana shunday gigiyenik tomondan qiynalasiz, bu qo‘shimcha bosim beradi. Bundan uyalmaslik kerak, so‘rash kerak, chunki yosh bola, ularda ko‘proq ehtiyoj paydo bo‘ladi.
Sharoit yaxshimi, bolalarga moslashtirilganmi, ba’zilarining rakovinalari baland bo‘lib ketgan bo‘lib, bolalarning bo‘yi yetmasligi mumkin. Yoki unitazlari toza bo‘lmasligi mumkin, kimdir u yerni tozalab turadimi, qancha muddatda tozalaydi? Ya’ni bu jihatlari ham ayniqsa yosh bolalarni olib boradigan ota-onalar uchun muhim bo‘lishi kerak. Sig‘imidan tashqari, bino va gigiyenik jihatdan oladigan bo‘lsak.
Keyin o‘sha binoning yonida yo‘lning boshqa yeriga o‘tish piyodalar uchun qulay, xavfsizmi? Buni ham, albatta, hisobga olish kerak. Baribir qaysi tomondan kelgan taqdiringizda ham, bir marta bo‘lsa ham yo‘lni kesib o‘tishga to‘g‘ri kelishi mumkin. Buning uchun svetofor bormi? Bilasiz, Toshkentda YTH qanday darajada ko‘p. Deyarli hammasi yosh bolalar bilan, belgilanmagan joyni kesib o‘tish natijasida svetofor bilan tartibga solinmagan piyodalar yo‘lkasida sodir bo‘ladi.
Bu ham muhim bo‘lishi kerak deb hisoblayman, masalan, shaxsan farzandimni biror o‘quv markaziga olib bormoqchi bo‘lsam, birinchi navbatda o‘quv markazining shu tomonlariga qarab chiqqan bo‘lar edim”, – deydi Shokir Tursun.
Mutaxassis ota-onalarga yuqoridagi jihatlardan keyin o‘quv markazining metodik jihatlariga ahamiyat berishni tavsiya qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, birinchidan, o‘qituvchining kimligi va malakasi; ikkinchidan, o‘quv markazining dasturi qandayligi; uchinchidan, o‘qituvchining dars o‘tish uslubi haqida ma’lumot olishlari muhim.
Bundan tashqari, ekspert yuqoridagi barcha nuqtalar obdon tekshirilib, qoniqarli javoblar olingach, yuridik jihat, ya’ni shartnoma bilan to‘liq tanishib chiqish zarurligini, “Newton Academy” bilan bog‘liq keysda ham ota-onalar shunda xatolikka yo‘l qo‘yganini bildirdi.
“Birinchidan o‘quv markazlariga juda ham uzoq muddatlarga oldindan to‘lov qilinishini yoqlamayman. Chunki farzandingizga u joy ma’qul kelmasligi, muhiti yoqmasligi, o‘qituvchini jini suymasligi mumkin. Bu paytda oldindan to‘lov qilib qo‘yganingizdan keyin pulingizni qaytarib olish uchun qandaydir byurokratik muammolarga duch kelishingiz mumkin, sizdan qandaydir foizlarni olib qolishadi. Bu tomonlari ham bor. Va, albatta, to‘lovni qaytarib olish kerak bo‘lsa, qanday shartlarda qaytarib olish mumkinligi haqidagi shartnoma bandlariga alohida e’tibor berishlari kerak.
Chunki hamma ham halol emas, shuning uchun sizga bu jarayonda yordam bera oladigan narsa – shartnoma. Shartnoma shartlarini bajarishga majbur, bajarmaydigan bo‘lsa, tegishli organlarga murojaat qilishga haqqingiz bo‘ladi”, – deydi Shokir Tursun.
Mutaxassis ota-onalarga shartnoma asosida oldindan to‘lov qilgan bo‘lsa, sudga murojaat qilishni maslahat berdi. “Ana o‘shanda o‘quv markazlari ham o‘zini sal yig‘ishtirib oladi”, – deydi u.
Kun.uz o‘z surishtiruvlarini davom ettiradi. Murojaatlarni @kunuzmurojaat Telegram manziliga yuborishingiz mumkin.
Dilshoda Shomirzayeva,
Kun.uz muxbiri
Mavzuga oid
18:36 / 20.12.2024
Toshkentdagi elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini demontaj qilish buyurildi
13:54 / 19.12.2024
Poytaxt IIBB Otabek Bakirov ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etdi
23:26 / 18.12.2024
Toshkentda avtobus yonib ketdi
19:59 / 18.12.2024