O‘zbekiston | 15:23 / 27.02.2024
45532
8 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda 77 yoshli shifokor g‘ayriqonuniy tarzda ozodlikdan mahrum etildi. Bu hukmni chiqargan sudyaga chora ko‘riladimi?

Sud hujjatlarida keltirilishicha, Vobkent tuman prokurori 45 yillik ish stajiga ega shifokorni 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilishni so‘ragan. Sud 80 yoshni qoralay deb qolgan qariyani 2 yilga ozodlikdan mahrum qilgan. Tergov ham, birinchi instansiya sudi ham qilmishni noto‘g‘ri malakalagan.

Foto: Kun.uz

Ishning qisqacha tafsiloti

2022 yil 21 oktyabr kuni Buxoro viloyati Vobkent tuman tibbiyot birlashmasi tug‘uruqxona bo‘limiga 36,4 haftalik homiladorlik tashxisi bilan murojaat qilgan G.H.da, kesarcha kesish amaliyotini o‘tkazish zaruriyati bo‘lmasa-da, shifokor Shamsiddin Hamrayev jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan. Shifokor tomonidan zarur intensiv antibakterial davo choralari qilinmagani hamda dinamik kuzatuvlar lozim darajada olib borilmagani sababli bemor G.H. bachadon ichi va butun bachadon yallig‘lanishi oqibatida og‘ir tan jarohati olgan.

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilgan va Shamsiddin Hamrayevga Jinoyat kodeksining 116-moddasi 4-qismi “b” bandi bilan ayblov e’lon qilingan.

Sudya Akrom Rahimovdan ko‘r-ko‘rona va g‘ayriqonuniy hukm

Jinoyat ishlari bo‘yicha Vobkent tuman sudyasi Akrom Rahimov ish tafsilotlarini to‘liq o‘rganib chiqmagan hamda ayblov asosli yoki asossiz qo‘yilganini tekshirib ko‘rmagan. U qilmish qanday malakalanganiga huquqiy baho bermagan holda shifokorni tergov qaysi modda bilan ayblagan bo‘lsa, shu modda bilan hukm o‘qib, Shamsiddin Hamrayevga 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinlagan. Hukm e’lon qilingach, shifokor darhol sud zalidan qamoqqa olingan.

Ushbu hukm g‘ayriqonuniy ekanini asoslashga urinib ko‘ramiz.

Birinchidan, Jinoyat kodeksining 50-moddasiga ko‘ra, ehtiyotsizlik oqibatida jinoyat sodir etganlik va qasddan uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat sodir etganlik uchun ozodlikdan mahrum etish tariqasidagi jazo yoshga doir pensiyaga chiqish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarga nisbatan tayinlanmaydi.

Hamrayev ayblangan Jinoyat kodeksining 116-moddasi to‘rtinchi qismi “b” bandi ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilgan qilmish hisoblanadi. Demak, ushbu holatda shifokorning 77 yoshda ekani, 45 yillik mehnat stajiga ega bo‘lgani unga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlab bo‘lmasligini anglatadi.

Ikkinchidan, Jinoyat kodeksining 116-moddasi 4-qismi “b” bandi shaxsning o‘z kasbiga nisbatan beparvoligi yoki insofsizlik bilan munosabatda bo‘lishi tufayli kasb yuzasidan o‘z vazifalarini bajarmagani yoki lozim darajada bajarmagani ehtiyotsizlik orqasida boshqacha og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Jinoyat kodeksining tuzilishi jihatdan qaralsa, bu malakalash odamlar (ikki va undan ortiq) o‘limiga sabab bo‘lishdan ham og‘irroq hisoblanadi.

Shamsiddin Hamrayevni javobgarlikka tortishga sabab bo‘lgan holatda esa odam(lar) o‘lmagan, bir nafar shaxsga og‘ir shikast yetgan.

Bunday qilmish esa Jinoyat kodeksining 116-moddasi to‘rtinchi qismi “b” bandi bilan emas, undan birmuncha yengil bo‘lgan, ayni shu moddaning birinchi qismi bilan malakalanishi lozim edi.

Shaxsning o‘z kasbiga nisbatan beparvoligi yoki insofsizlik bilan munosabatda bo‘lishi tufayli kasb yuzasidan o‘z vazifalarini bajarmagani yoki lozim darajada bajarmagani badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazilishiga sabab bo‘lsa, 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi. Ya’ni bu qilmish uchun ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanmaydi.

Shuncha qonuniy asos bo‘laturib Shamsiddin Hamrayev qamoqqa olingan va ma’lum muddat ozodlikdan mahrum bo‘lib qolgan.

Bu qonunsizlikka prokuror ham sherik

Bu ishda faqat tergovchi yoki sudyani tanqid qilish kamlik qiladi. Ishda davlat ayblovchisi sifatida ishtirok etgan Vobkent tuman prokurorining katta yordamchisi Jamol Toshovning ham harakatlari huquqiy bahoga loyiq. Boisi u ayblovni quvvatlab, suddan Shamsiddin Hamrayevga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llashni so‘ragandi.

Keyin nima bo‘ldi?

77 yoshli qariya shifokorning qonunlarga zid tarzda qamoqqa olinishi Vobkentda shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Nima xato qilib qo‘yganini tushungan tuman prokurori darhol hukmga nisbatan protest kiritib, Shamsiddin Hamrayevning qilmishini 116-modda to‘rtinchi qismi “b” bandidan 116-modda birinchi qismiga qayta malakalashni so‘ragan.

Protestni ko‘rib chiqqan apellyatsiya instansiyasi uni qanoatlantirgan.

Shamsiddin Hamrayevning qilmishi 116-modda to‘rtinchi qismi “b” bandidan 116-modda birinchi qismiga qayta malakalangan hamda unga faqat 3 yil tibbiyot muassasalarida akusher ginekolog shifokori lavozimida ishlash huquqidan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Yopiq qozon yopiqligicha qoladimi?

Ma’lumki, Konstitutsiyaning 27-moddasi ikkinchi qismiga ko‘ra, hech kim qonunga asoslanmagan holda hibsga olinishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi, qamoqda saqlanishi yoki uning ozodligi boshqacha tarzda cheklanishi mumkin emas. Ammo 77 yoshni qarshilagan, 45 yillik shifokor sudya va prokurorning qonunga asoslanmagan va adolatsiz qarori tufayli ma’lum muddat ozodlikdan mahrum bo‘ldi.

Adolatsiz hukm qilish esa biror bir istisnolarsiz jinoiy javobgarlik keltirib chiqaradi. Jinoyat kodeksining 231-moddasiga ko‘ra, oldindan bilaturib, adolatsiz hukm chiqarish — 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

“Qarg‘a qarg‘aning ko‘zini cho‘qimaydi” qabilida ish tutishga odatlangan Oliy sud ham, Sudyalar Oliy Kengashi ham Vobkent tuman sudyasi Akrom Rahimovni himoyasiga olsa ajab emas. Ammo inson taqdirini sariq chaqa o‘rnida ko‘rmaydigan bu kabi sudyalar jazosiz qolishi ham adolatdan emas, eng kamida intizomiy javobgarligi masalasi ko‘rib chiqilishi shart.

Zero, “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunning 74-moddasiga ko‘ra, odil sudlovni amalga oshirish chog‘ida qonuniylikni buzgani uchun intizomiy javobgarlikka tortilishi lozim.

Sudyaga ogohlantirish, hayfsan, o‘rtacha oylik ish haqining o‘ttiz foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorda jarima, malaka darajasini bir pog‘onaga pasaytirish hamda vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish kabi intizomiy jazo choralaridan biri qo‘llanishi mumkin.

“Prokuratura to‘g‘risida”gi qonunning 49-moddasi ikkinchi qismiga ko‘ra, prokuratura organlari xodimlarining intizomiy nojo‘ya xatti-harakat uchun javobgarligi masalasi yuqori turuvchi prokuror tomonidan hal etiladi.

Biz hikoya qilgan keysda ishni ko‘rgan sudya Akrom Rahimov ham, keksa qariyani qonunga xilof tarzda 5 yilga qamoqqa yuborishni so‘ragan prokuror yordamchisi Jamol Toshov ham jazoga loyiq. Ammo ularga chora ko‘riladimi yoki yo‘q, buni vaqt ko‘rsatadi.

PS: Shamsiddin Hamrayev o‘zining ushbu hodisada mutlaqo aybsiz ekanini, u o‘zi bajarishi lozim bo‘lgan barcha tibbiy-muolaja amallarini to‘g‘ri va bekamu-ko‘st bajarganini aytmoqda. U oqlov hukmi chiqarilishi uchun tegishli instansiyalarga murojaat qilishda davom etmoqda.

Ruslan Saburov
Kun.uz

Mavzuga oid