O‘zbekiston | 12:40 / 26.12.2025
1337
2 daqiqa o‘qiladi

“Toshkent–Samarqand” yo‘nalishida yuqori tezlikdagi poyezdlar uchun yangi liniya quriladi

Turistlar oqimi ortishi va yo‘lovchi tashish quvvatini kengaytirish zaruratidan kelib chiqib, 2026 yildan ichki temiryo‘llarni rivojlantirish bo‘yicha besh yillik dastur amalga oshiriladi. Shu doirada “Toshkent–Samarqand” yo‘nalishida yuqori tezlikdagi poyezdlar uchun yangi temiryo‘l liniyasini qurish ishlari boshlanishi ma’lum qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev xizmatlar sohasi va turizmni rivojlantirish rejalari doirasida transport-logistika infratuzilmasini kengaytirish masalalariga ham alohida to‘xtaldi. Qayd etilishicha, turistlar oqimi tobora ortib borayotgani aviatsiya va temir yo‘lda yo‘lovchi tashish quvvatini kamida ikki barobar oshirishni taqozo etmoqda.

Shu munosabat bilan ichki temir yo‘llarni rivojlantirish bo‘yicha besh yillik dastur qabul qilinishi aytildi. Unga muvofiq, shaharlarni tezyurar poyezdlar qatnovi bilan bog‘lash maqsadida 2026 yildan yana 500 kilometr temiryo‘l qurilishi boshlanadi.

Kelgusi yilning o‘zida 110 kilometr temir yo‘l tarmog‘i barpo etilib, Bo‘ka, Piskent, Bekobod, Boyovut tumanlari hamda Nurafshon shahri poytaxt bilan bog‘lanishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, “Toshkent–Samarqand” yo‘nalishida yuqori tezlikda harakatlanadigan yo‘lovchi poyezdlar uchun yangi temiryo‘l liniyasini qurish ishlari boshlanishi ma’lum qilindi. Bu yo‘nalishda yangi liniya barpo etilishi qatnov tezligi va sifatini oshirish, safar vaqtini qisqartirish hamda yo‘lovchilar oqimi ortishi sharoitida tizim quvvatini kengaytirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Ma’lum qilinishicha, yirik transport infratuzilmasi bo‘yicha rejalar doirasida Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva va Navoiydagi vokzallar ham xususiy sheriklik asosida boshqaruvga berish uchun taklif etiladi.

Mavzuga oid