O‘zbekiston | 00:24 / 22.04.2017
10481
6 daqiqa o‘qiladi

Respublikaning barcha hududlarida ichimlik suvi ta'minoti va kanalizatsiya tizimlari yaxshilanadi

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «2017-2021  yillarda ichimlik suvi ta'minoti va  kanalizatsiya tizimlarini kompleks  rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish dasturi  to‘g‘risida»gi qarori e'lon qilindi.

«Kommunal soha mamlakatimiz hududiy infratuzilmasining eng muhim tarkibiy qismini tashkil etadi. Mazkur sohaning taraqqiyot darajasi va faoliyat samaradorligi aholining shunga mos hayot sifatini shakllantiradi, turmush darajasi va hayot tarzini aks ettiradi, iqtisodiy salohiyatni yanada yuksaltirish omillaridan biri bo‘lib xizmat qiladi. Bularning barchasi o‘zaro bog‘liq bo‘lib, sifatli xizmat – sog‘lom jamiyat garovidir», deyilgan qarorga berilgan O‘zA sharhida

Faqat 2011-2016 yillarda mamlakatda qariyb 13 ming kilometrdan iborat yirik suv quvurlari va tarmoqlari, bino va inshootlarda 1 ming 600 dan ortiq suv chiqarish quduqlari, shuningdek, 1 ming 400 ta suv minorasi va rezervuari qurildi hamda rekonstruksiya qilingani e'tirof etilgan. 

Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki, Islom taraqqiyot banki kabi xalqaro moliya institutlarining grant va kreditlarini jalb etish hisobidan ichimlik suvidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lmagan ko‘plab aholi punktlari talabga javob beradigan ichimlik suvi ta'minoti bilan qamrab olingan. 

Shu bilan birga, ayrim aholi punktlarini, eng avvalo, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Sirdaryo va Xorazm viloyatlaridagi aholi maskanlarini sifatli ichimlik suvi bilan ta'minlashga oid qator muammolar hanuzgacha hal etilmasdan qolmoqda. 

O‘zbekistonda oilalar va mahallalar soni muntazam ko‘payib, yuzlab yangi turar joy mavzelari, aholi punktlari barpo etilayotgani va shaharlarning kengayib borayotgani ichimlik suvi ta'minoti va kanalizatsiya tizimini tubdan yaxshilash borasida amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirishni talab etmoqda. Bu chora-tadbirlar energiya va resurslarni tejaydigan zamonaviy texnologiyalar asosida suv chiqarish va kanalizatsiya-tozalash inshootlari, suv o‘tkazgichlar, nasos stansiyalari, taqsimlash uzellari, vodoprovod va kanalizatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilishga qaratilishi lozimligi qayd etilgan. 

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «2017-2021  yillarda ichimlik suvi ta'minoti va  kanalizatsiya tizimlarini kompleks  rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish dasturi  to‘g‘risida»gi qarori ana shu muhim vazifalarni hisobga olgan holda qabul qilingan va u aholining keng qatlamlari, ayniqsa, qishloq aholisi uchun yanada qulay va munosib ijtimoiy-maishiy sharoitlar yaratish, 2017-2021 yillarda mamlakatda ichimlik suvi ta'minoti va kanalizatsiya xizmatlari ko‘rsatish samaradorligini oshirish, iste'molchilarning barcha hududlarda sifatli ichimlik suvidan foydalanishini ta'minlashga qaratilgan. 

Mazkur qaror bilan, xususan, quyidagi dastur va loyihalar tasdiqlanmoqda: 

  • 10,2 ming kilometr ichimlik suvi quvurlari va tarmoqlari, 1677 ta suv chiqarish qudug‘i, 1744 ta suv minorasi va rezervuari qurish hamda rekonstruksiya qilish, shuningdek, 1440 dona nasos uskunasini o‘rnatish nazarda tutilayotgan tumanlar va aholi punktlari bo‘yicha 2017-2021 yillarda ichimlik suvi ta'minoti va kanalizatsiya tizimlarini kompleks rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish dasturining yig‘ma va manzilli parametrlari; 
  • 20 ta ichimlik suvi ta'minoti obektini qurish va rekonstruksiya qilish, 302 kilometrdan iborat suv o‘tkazish va vodoprovod tarmoqlarini barpo etish bo‘yicha yirik loyihalarni amalga oshirish nazarda tutilgan 2017-2021 yillarda mintaqalararo ahamiyatga molik ichimlik suvi ta'minoti tizimlari va o‘ta muhim obektlarni barpo etish hamda rekonstruksiya qilish bo‘yicha manzilli dastur; 
  • xalqaro moliya institutlarining kreditlarini jalb etgan holda, respublikamiz hududlarida 36 ta investitsiya loyihasini amalga oshirishni nazarda tutadigan 2017-2021 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda ichimlik suvi tarmoqlari va kanalizatsiya tizimlarini qurish va rekonstruksiya qilish manzilli dasturi. 

Dasturni 2017-2021 yillarda moliyalashtirish uchun 4,8 trillion so‘m, jumladan, davlat byudjyetidan 2,2 trillion so‘m, xalqaro moliya institutlarining 2,6 trillion so‘m yoki 730,7 million dollar miqdoridagi mablag‘lari yo‘naltiriladi. 

Bu boradagi ishlarni muvofiqlashtirish va Dasturning amalga oshirilishini nazorat qilish uchun Idoralararo ishchi komissiyasi tasdiqlandi. Shuningdek, qarorda «Toza ichimlik suvi» jamg‘armasini tashkil etish nazarda tutilgan bo‘lib, uning mablag‘lari mamlakatimizda ichimlik suvi ta'minoti va kanalizatsiya tizimini yanada rivojlantirish va modernizatsiya qilishga, respublikamiz aholisi, ayniqsa, qishloq aholisini sifatli ichimlik suvi bilan ta'minlashga yo‘naltiriladi. 

Bundan tashqari, qarorda ichimlik suvi ta'minoti tizimi obektlaridan yanada ishonchli foydalanish maqsadida har bir aholi punktidagi ichimlik suvi ta'minoti obektlarini pasportlashtirish va ichimlik suvi ta'minoti tizimi obektlarining elektron ma'lumotlar bazasini yaratish nazarda tutilgan. 

Ushbu qarorning amalga oshirilishi: 

birinchidan – shahar va tumanlar, qishloq va mahallalarda ichimlik suvi ta'minoti va kanalizatsiya tizimlarini tubdan yaxshilash; 

ikkinchidan – aholini markazlashgan ichimlik suvi ta'minoti bilan qamrab olishni respublikamiz miqyosida 84 foizga, bir qator hududlarda esa 90 foizga yetkazish; 

uchinchidan – aholi keng qatlamlari, ayniqsa, qishloq aholisi uchun yanada qulay va munosib ijtimoiy-maishiy shart-sharoitlar yaratish imkonini beradi. 

Mavzuga oid