Iqtisodiyot | 13:50 / 17.02.2025
5637
2 daqiqa o‘qiladi

UzCard SMS xabarnomalari va Telegram bot obunasi narxi oshadi

Joriy yil 1 martidan boshlab Beeline, Humans, Perfectum, Ucell, Mobiuz va UzMobile operatorlari abonentlari uchun 5800 raqamidan yuborilgan har bir SMS narxi 84,2 so‘mdan 168,4 so‘mga ko‘tariladi.

Foto: Getty Images

1 martdan boshlab UzCard kartalari orqali SMS xabarnomalar ta’rifi 84,2 so‘mdan 168,4 so‘mga oshadi. Bu haqda ushbu xizmatni ko‘rsatuvchi Play Mobile kompaniyasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, SMS-xabarnoma xizmatlari narxlari 2019 yilning iyul oyidan beri o‘zgarmagan, ammo SMS-trafik hajmi 75 foizga oshgan va dasturiy-apparat majmuasiga xizmat ko‘rsatish xarajatlarini sezilarli darajada qimmatlashtirgan.

“Xizmatlar narxiga tashqi iqtisodiy omillar – elektr energiyasi narxining 100 foizga, bazaviy hisoblash miqdorining 68 foizga va aloqa operatorlari tomonidan undiriladigan bitta SMS o‘rtacha narxi 300 foizga oshishi ham ta’sir ko‘rsatdi”, deyiladi kompaniya xabarida.

Shu bilan birga UzCard kartalarini Telegramʼda kuzatish imkonini beruvchi CardXabar Telegram boti narxi ham qimmatlashadi. Shu paytga qadar botdan oyiga 1 000 so‘m to‘lov bilan foydalanish mumkin edi. 1 martdan boshlab eng arzon Start paketi (250 tagacha xabar) uchun 5 ming so‘m, eng qimmat Infinite paketi (20 mingtadan ko‘proq xabar) uchun 500 ming so‘m to‘lash kerak bo‘ladi. 

Mavzuga oid