O‘zbekiston | 20:50 / 24.04.2020
29487
8 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston turizm sohasi pandemiya oqibatida qanday muammolarga duch keldi?

Kun.uz pandemiya va inqiroz mavzusi bilan bog‘liq masalalarga oid suhbatlarni davom ettiradi. Bu gal turizm sohasiga bevosita aloqador bo‘lgan xususiy sektor vakillari – Jonibek Nasriddinov, Mansurjon Rasuljonov va Husan Saibjonov bilan pandemiya davrida yuzaga kelgan muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha o‘z mulohazasini bildirdi.

– Pandemiya va inqiroz davrida ham iqtisodiy jihatdan, ham ijtimoiy munosabatlarning buzilishi jihatidan katta zarbalar turizm sohasiga kelib tushdi. Hozirgi paytda soha qanday choralarni qo‘llashga majbur bo‘lmoqda?

Jonibek Nasriddinov, All Trip kompaniyasi ish yurituvchisi:

– Dunyo turizmida odamlar sayohat qilmayapti. Hozirga kelib, taxminan 3 mlrd nafar odam izolyatsiyada o‘tiribdi. Dunyo turizmida 75 mln.ga yaqin ish o‘rni yo‘qotilgan.

O‘zbekistonning o‘zida ham taxminan 45-50 mingga yaqin bronlar bekor bo‘lgani haqida ma'lumot bor. Bu juda ham yomon ko‘rsatkich hisoblanadi. Turfirmalar endi qanday qilib o‘zini qoplashi kerak, degan savolga javob zarur. Pandemiyadan keyin hozirgi holatdan qanday chiqamiz, degan savol qiynayapti.

2008 yilda bo‘lgan inqirozdan keyin turizm jadal rivojlanib ketgan edi. Lekin 2008 yildagi vaziyat bilan hozirgi holatning farqi bor. Chunki u paytda hamma gap moliyaviy muammolarda edi, hozir esa odamlarning salomatligi haqida gap bormoqda. Har bir aviakompaniya, turim sektori ham mijozlarning sog‘ligi bilan bog‘liq masalalarga ko‘proq e'tibor qaratishi kerak. Davlatlararo turizmni rivojlantirish uchun endi qanday talablar qo‘yilishi bizni o‘ylantiradi.

Jonibek Nasriddinov

– Turizm sohasida ishni birdaniga muzlatib qo‘yish katta moliyaviy, iqtisodiy tebranishlarga olib keladi. Bu jarayonlar sizning faoliyatingizga qanday ta'sir qildi?

Mansurjon Rasuljonov, Vast Travel kompaniyasi direktori:

– Gap shundaki, ish shunchaki to‘xtamadi, balki katta zararlar bilan to‘xtadi. Chunki avvalroq turpaketlar, chiptalar sotib qo‘yilgan, xizmat ko‘rsataman, deb daromadlar olingan. Sotilgan chiptalar 1-2 oy keyinga olingan. O‘rtada valuta kursi o‘zgardi, chiptalarni qaytarish masalasi bor. Kelajakda bu zararlarni qoplash uchun qanday harakat qilish har bir tadbirkorning o‘z mas'uliyati, moliyaviy ahvolini qanday baholagani, jamg‘armasi qanchaga yetishiga bog‘liq. Agar jamg‘armasi yo‘q bo‘lsa yoki jamg‘armasini to‘g‘ri yo‘naltira olmasa, kichikroq tadbirkorlik sub'yektlari, misol uchun, turagentlar sohadan chiqib ketishiga to‘g‘ri keladi.

Mansurjon Rasuljonov

– Iqtisodchilar odamlar karantin sharoitida yashashni 3 oyga mo‘ljallashi kerak, deb aytishyapti. Karantin qachon tugashi aniq emas. U tugagandan keyin ham baribir qaysidir cheklovlar amal qiladi. Mehmonxona xo‘jaligida muammoning ko‘lami qanchalik? Yoki ular vaziyatdan tezgina chiqib keta oladimi?

Husan Saibjonov, Art Hotels mehmonxonalar tarmog‘i marketing bo‘limi boshlig‘i:

– Mehmonxonalarning olingan zarar masalasida turoperatorlardan farqi shundaki, biz oldindan pul olib qo‘ymaganmiz. Pul qaytarib berishimizga to‘g‘ri kelmaydi. 1-2 kun oldin olinadigan pulni bemalol qaytarib bera olamiz. Menimcha, hozirgi vaziyatda mehmonxonalar uchun uncha qiyin bo‘lmadi. Biz shunchaki ishni to‘xtatib qo‘ydik. Balans nolga tushib qoldi. Keyinchalik keladigan puldan zararga ishlashimiz mumkin. Hozir kim zarar ko‘rgan bo‘lishi mumkin? Ijarada turadigan mehmonxonalar. Xususiy mehmonxonalar esa zarar ko‘rmagan. Shunchaki eshigini yopib qo‘ygan, xolos. Ishchilar ham bir oy kutib turinglar, deb mehnat ta'tiliga chiqarildi. Karantin tugay boshlaganda ishchilarni yana chaqirib, faoliyatni tiklay boshlaymiz. Chunki har qanday holatda ham biz uchun ichki bozor bor. Toshkentdagi banklar xodimlarini mehmonxonaga joylashtirib, ishga bitta-bitta kelib ketishini yo‘lga qo‘yyapti. Bu ham biz uchun foyda.

Husan Saibjonov

– Inqiroz davrida daromadlar to‘xtab qolgan taqdirda ham davriy xarajatlarni saqlab turish kerak. Soliq, ijara, kommunal to‘lov – shular masalasida turizm sohasi o‘zini eplay oladimi? Yoki davlat tomonidan ularga imtiyozlar ko‘paytirilishi kerakmi?

Mansurjon Rasuljonov:

– Har bir tadbirkor biznesining kelajak olti oylik faoliyatini qoplab harakat qilishi to‘g‘ri bo‘ladi. Turfirmalarda shu bo‘yicha vaziyat qanday? Ularda ikki xil toifa bor: turoperator va turagentlar. Turoperatorlar qariyb bir yillik davriy xarajatlarning hisob-kitobini qilgan holda ishni rejalashtiradi. O‘zbekistonda turagentlar juda ham ko‘pchilikni tashkil qiladi. Ular odatda oylik, eng uzog‘i bilan uch oylik xarajatini qoplashi mumkin. Undan uzog‘iga turagent sifatida davom eta olmaydi. Chunki ular turoperatorlar tayyorlab beradigan paketlarning tayyori ustiga daromad qo‘yib sotadi. Uch oy uchun ijarasini to‘lab qo‘ygan bo‘lishi mumkin. xodimlari juda ko‘p bo‘lmasligi mumkin. Shularning xarajatini chiqarib bera oladi. Lekin mahsulot (turpaket) aylanmasi to‘xtagan joyda ular qotib qoladi.

Turoperatorlarda muammo boshqacharoq bo‘ladi. Ular chizib qo‘ygan yillik sxemasida daromad manbalarini kutadi. Daromadning keladigan va sarflanadigan manbalari bo‘yicha reja buzilgandan keyin o‘ziga yarasha vaziyat ham o‘zgaradi.

Jonibek Nasriddinov:

– Joriy vaziyat ko‘proq kim uchun og‘ir deydigan bo‘lsak, mehmonxonani kreditga olib qurganlar, davlatdan, bankdan olingan pulga qarab qolganlar bor. Buni qoplash masalasi qiyinlashishi mumkin. O‘zimizdan kelib chiqadigan bo‘lsam, sutka davomida ishlaydigan koll-markazimiz bor. Shunga ilgari bir kunda 500ta qo‘ng‘iroq bo‘lgan bo‘lsa, hozir 50taga tushib qolgan. Qilingan qo‘ng‘iroqlarning taxminan 30 foizi savdoga o‘tishi mumkin bo‘lardi. 30 foizi o‘tganda men ishchilarimning oyligini ta'minlab bera olgan bo‘lardim. Hozir qo‘ng‘iroqlar soni 10 baravar kamaydi. Bizga mehmonxona uchun chiqarilgan 12 foizlik soliq stavkasining bir foizga tushirilishi juda qo‘l keldi. Buni uzoqroq muddatga cho‘zib berish kerak. Aviachiptalar sohasiga ham buni qo‘llash kerak, deb o‘ylayman.

Quyidagicha yo‘l tutish ham mumkin: tashqi turizmdan zarar ko‘rganimiz uchun hozir ichki turizmga ko‘proq kuch tashlashimizga to‘g‘ri keladi. Vaziyatdan zararsiz chiqish uchun bahor oylarigacha vaqt ketadi, degan taxminlar bor. Shuning uchun korxonalardagi kasaba uyushmalari har bir xodimiga juma kunidan boshlab ta'til berishi, 3 kun mobaynida O‘zbekistonning ichida dam olish uchun imkoniyat yaratishi kerak. Ota-onasini dam olishga yuboradigan bo‘lsa, xarajatining bir qismini korxona ko‘tarib bersin va bu summa soliqdan ozod qilinsin. Shular ham ichki turizmni rivojlantirishga yordam beradi.

Intervyu davomida turizm sohasi vakillari kutilayotgan iqtisodiy inqiroz sharoitida oqibatlarni yumshatish bo‘yicha takliflarini bildirib, soha vakillariga maslahat bergan. Suhbatning to‘lig‘ini Youtube orqali tomosha qilishingiz mumkin. 

Alisher Ro‘zioxunov suhbatlashdi

Mavzuga oid