Jamiyat | 13:31 / 16.04.2023
24645
2 daqiqa o‘qiladi

“Homiladorlar va yosh bolalilarga ish yo‘q” – bu turdagi ayollar diskriminatsiyasiga chek qo‘yiladi 

Ishga qabul qilish chog‘ida “Homiladormisiz?”, “Kichik yoshdagi bolangiz bormi?”, “Yaqinda turmushga chiqasizmi?” kabi savollar ayollarning asriy muammosiga aylangan. Yangi Konstitutsiyaga kiritilayotgan normaning ahamiyati mazkur rolikda qiziqarli tarzda tushuntirib berilgan.

Bugungi kunda xotin-qizlar fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyatda mashg‘ul bo‘lgan xodimlarning 70 foizga yaqinini tashkil etadi. Ammo boshqa sohalarda ko‘rsatkichlar ancha yomon. Sababi ko‘plab sohalarda xotin-qizlarni kamsitish holatlari uchrab turadi. Ayniqsa, bunday holatlar homilador va bolasi bor ayollarga nisbatan ko‘p uchraydi.

Shuningdek, ish beruvchilarning aksariyati tanlovda ayollardan ko‘ra, erkaklarga ko‘proq ustunlik beradi. Buning sabablari oddiy — ayollar farzand parvarishi tufayli ishga kechroq kelishi, ishdan vaqtliroq ketishi, homiladorlik ta’tiliga chiqishi ayrim rahbarlarga ma’qul kelmaydi.

Shu sababli yangilanayotgan Konstitutsiyaga homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etishni taqiqlash bo‘yicha norma kiritilmoqda. Bu esa xotin-qizlarning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun muhim qadam bo‘ladi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 42-moddasida homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanishi belgilab qo‘yildi. Bu kabi norma amaldagi Konstitutsiyada yo‘q edi.

Mavzuga oid