Jahon | 18:05 / 15.04.2026
5881
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiyadagi maktabda otishma ro‘y berdi. Qurbonlar va yaralanganlar bor

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hujum uyushtirgan shaxs – maktabning 8-sinf o‘quvchisi. U politsiyada ishlagan otasining qurolidan foydalangani taxmin qilinmoqda. U maktabda tartibsiz ravishda o‘t ochib, kamida uch kishini o‘ldirgan va 20 kishini yaralagan, keyin esa o‘z joniga qasd qilgan

Foto: Anadolu Ajansı

Turkiya janubi-sharqidagi Qahramonmarash shahridagi o‘rta maktabda otishma ro‘y berdi.

CNN Turk xabariga ko‘ra, hujum qilgan shaxs avvaliga maktabning kirish darvozasi oldida o‘t ochgan, keyin esa o‘quv binosiga kirib, otishmani davom ettirgan.

NTV telekanali hodisa oqibatida kamida to‘rt kishi halok bo‘lib, 20 kishi yaralanganini xabar qilgan. Qurbonlardan biri – o‘qituvchi, uch nafari maktab o‘quvchilaridir, degan Qahramonmarash viloyati gubernator Mukarram Unluyer.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘quvchi maktabdagi ikkita sinfxonaga kirib borgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, uning nishoni beshinchi sinf o‘quvchilari bo‘lishgan.

Uning yonida to‘pponcha va yettita o‘qdon bo‘lgan. U jinoyatni sodir etgach, o‘z joniga qasd qilgan.

Yaralanganlarning to‘rt nafari og‘ir ahvolda ekani aytilmoqda.

Hujum uyushtirgan shaxs shu maktabning sakkizinchi sinf o‘quvchi bo‘lgan.

Hudud rahbarining qo‘shimcha qilishicha, uning otasi – sobiq politsiyachi bo‘lib, u otasining qurolidan foydalangani taxmin qilinmoqda.

14 aprel kuni Turkiyaning Shonliurfa viloyati Siverek tumanidagi kasb-hunar va texnika litseyi binosida ham otishma sodir bo‘lgandi. Ushbu holatda ham hujum litseyning sobiq o‘quvchisi tomonidan sodir etilgan, u litsey binosiga ov miltig‘i bilan kirib, tartibsiz ravishda o‘t ochgandi. Hodisa oqibatida 16 kishi yaralangan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid