Jahon | 10:39 / 01.07.2023
13710
2 daqiqa o‘qiladi

San-Fransiskoda 104 ming dollar yillik daromad kam deb belgilandi

San-Fransiskoda 104,4 ming dollar daromadga ega bir kishilik xonadon uchun bu miqdor kam deb baholandi. Shaharda o‘rtacha daromad yuqoriligi bilan birga xarajatlar ham baland. Bir kishilik ijara oyiga 3 ming dollarga to‘g‘ri keladi.

Alexander Spatari/Getty Images

Kaliforniya shtati Uy-joy departamentiga ko‘ra, San-Fransisko shahrida yillik daromadi 104,4 ming dollar bo‘lgan bir kishilik xo‘jalik kam daromadli hisoblanadi. Bir kishilik xonadon uchun o‘rtacha daromad 122,5 ming dollar etib baholandi.

2023 yilgi Daromadlar chegaralanishiga oid hujjatga ko‘ra, San-Fransiskoda bir kishilik xonadonda yillik daromad 18,4 ming bo‘lsa, haddan ortiq past, 39,1 ming dollar esa juda past, 65,3 ming dollar pastroq, 104,4 ming dollar esa past deb baholandi.

Ikki kishilik xonadon uchun 119,3 ming dollar, 3 kishilik xo‘jalik uchun 134,2 ming dollar, 4 kishilik xonadon uchun 149,1 ming dollarlik daromad past hisoblanadi.

Oylik daromadga mos ravishda San-Fransisko qimmat shahar hisoblanadi. Shaharda bir kishilik ijara narxi oyiga 3 ming dollarni tashkil qiladi va narx qimmatligi bo‘yicha AQShda uchinchi o‘rinda turadi. Birinchi va ikkinchi o‘rinlarni esa Nyu-York va Jyersey shaharlari egallaydi.

2020/2021 yilgi o‘rganishlarga ko‘ra, san-fransiskoliklar uy-joy uchun daromadining 42 foizini sarflaydi. AQSh bo‘yicha bir kishi uy-joy xarajatlari uchun o‘rtacha 34 foiz daromadini sarflaydi. Shunga qiyosan olganda San-Fransiskoda narxlar o‘rtachadan yuqoriroq ekani ko‘rinadi.

Daromadlar bilan birga yashash xarajatlarining yuqoriligi sabab San-Fransisko aholisi 2020 va 2022 yillar oralig‘ida 7 foizga, 62 ming odamga kamaygan. Pandemiyadan keyin masofaviy ishlash variantining ommalashishi odamlarni yashash nisbatan arzonroq hududlarga ko‘chib o‘tishga undagan.

Mavzuga oid