Jamiyat | 12:10 / 13.09.2022
23151
3 daqiqa o‘qiladi

Shveytsariyada Gulnora Karimovaning jami 686 mln dollarlik noqonuniy boyliklari musodara qilinadi

Gulnora Karimova boshchiligidagi jinoiy guruh o‘zlashtirgan noqonuniy mablag‘larning Shveytsariyada undiriladigan miqdori ma’lum qilindi.

Foto: Getty Images

Adliya vazirligida O‘zbekistonning ayrim fuqarolari tomonidan jinoiy yo‘l bilan orttirilgan va xorijiy davlatlarga olib chiqib ketilgan aktivlarni qaytarish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, joriy yilning 16 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi va Shveytsariya Konfederatsiyasi o‘rtasida imzolangan G. Karimovaga ilgari tegishli bo‘lgan aktivlarni qaytarishga qaratilgan Restitutsiyaga oid bitim bo‘yicha matbuot tadbiri bo‘lib o‘tmoqda.

Unda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Respublikasi va Shveytsariya Konfederatsiyasi huquqni muhofaza qiluvchi organlarining tergov doirasidagi hamkorligi va birgalikdagi keng ko‘lamli sa’y-harakatlari natijasida Gulnora Karimova va uning boshchiligidagi uyushgan jinoiy guruh a’zolarining aktivlarini musodara qilish bo‘yicha ishlar Shveytsariya sud organlariga oshirilgan.

Undirilishi lozim bo‘lgan jami summa davom etayotgan jinoiy ish jarayoniga bog‘liq bo‘ladi, lekin taqriban 686 million AQSh dollariga teng.

Ushbu ishlar Shveytsariya sudlarida ko‘rib chiqilib, taqriban 336 million dollar uzil-kesil musodara qilingan. Shundan 131 mln dollari O‘zbekistonga qaytishi hal bo‘ldi, 205 mln dollar bo‘yicha esa yakuniga yetmoqda. 

Hozirgi kunda, qo‘shimcha taqriban 350 million dollar miqdoridagi mablag‘larni musodara qilish masalasi Shveytsariya sudlarida ko‘rib chiqilmoqda.

«Joriy yilning 16 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi va Shveytsariya Konfederatsiyasi o‘rtasida «Shveytsariya Konfederatsiyasi hududida konfiskatsiya qilingan noqonuniy orttirilgan aktivlarni O‘zbekiston Respublikasi aholisining manfaatlarida qaytarish yo‘llari to‘g‘risida»gi bitim imzolandi.

Ushbu bitimning tuzilishiga 2 yil davomida O‘zbekiston Respublikasining Adliya vazirligi va vakolatli idoralari hamda Shveytsariyaning Tashqi ishlar vazirligi va manfaatdor vazirliklari bilan BMT ishtirokidagi samarali hamkorlik, shuningdek, puxta amalga oshirilgan ishlar va bir necha davralardan iborat muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Mazkur bitim noqonuniy orttirilgan taqriban 131 mln AQSh dollariga teng aktivlarni O‘zbekistonga qaytarishni, qaytarishning asosiy prinsiplari, mexanizm va maqsadlarini belgilaydi.

Xususan, mablag‘larni qaytarish Birlashgan millatlar Tashkilotining Uzbekistan Vision 2030 Fondi deb nomlangan ko‘p sheriklik trast jamg‘armasi orqali amalga oshiriladi», deyiladi Adliya vazirligi matbuot kotibining telegramdagi xabarida.

Qaytarilayotgan mablag‘lar pirovardida ijtimoiy sohaga yo‘naltirilishi, asosan sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarini rivojlantirishga ishlatilishi rejalashtirilmoqda.

Mavzuga oid