O‘zbekiston | 21:18 / 12.11.2025
58823
6 daqiqa o‘qiladi

Gulnora Karimova atrofidagi moliyaviy triller: Zeromax kreditorlari sudda muhim yutuqqa erishdi

Shveytsariya tarixidagi ikkinchi eng yirik bankrotlik holati yuzasidan Zeromax kreditorining Ernst & Young'ga qarshi da’volari bo‘yicha sud davom etmoqda. Oliy sud ajrimi bilan, javobgar tomonga audit jarayonidagi hujjatlarni taqdim etish majburiyati yuklatildi. Bu majburiyat “katta to‘rtlik” kompaniyasi uchun ulkan reputatsiyaviy yo‘qotishlar va milliard dollarlik jarima bilan tugashi mumkin.

Foto: Yves Forestier (Getty Images)

Mazkur sud jarayoni 5 yildan buyon davom etyapti. Unda Ernst & Young'ning Shveytsariyadagi bo‘limi Gulnora Karimovaga aloqadorligi gumon qilinadigan Zeromax'ning shubhali tranzaksiyalariga ko‘z yumish va kompaniya moliyaviy hisobotlariga ijobiy xulosa berish orqali kreditorlarning zarar ko‘rishiga sababchi bo‘lishda ayblanmoqda.

2025 yil iyul oyiga kelib, Zeromax kreditorlari muhim oraliq yutuqqa erishdi. Shveytsariya Federal Oliy sudining ajrimi bilan, javobgar tomonga audit jarayonlariga oid keng ko‘lamli hujjatlarni da’vogarlar ixtiyoriga taqdim etish majburiyati yuklatildi.

Moliyaviy yangiliklarni yorituvchi Tippinpoint nashri bu qarorni «O‘zbek “malikasi” Gulnora Karimova atrofidagi moliyaviy trillerning yangi sahifasi» deb atadi.

Zeromax – 1999 yilda AQShning Delaver shtatida ta’sis etilib, 2005 yilda Shveytsariyaning Tsug kantoni yurisdiksiyasiga ko‘chib o‘tgan va 2010 yili kutilmaganda bankrotlik e’lon qilgan konglomerat. Bir muddat O‘zbekistondagi eng yirik biznes imperiya bo‘lgan Zeromax mamlakatda “xorijiy investor” sifatida to‘qimachilikdan tortib energetikacha bo‘lgan o‘ndan ortiq tarmoqlarda aktivlarga egalik qilgan. Muayyan davrda O‘zbekiston YaIMning 10 foizgacha bo‘lgan qismi birgina shu kompaniya tizimiga to‘g‘ri kelgani aytiladi.

Biznes imperiya 2010 yilda, O‘zbekiston oliy hokimiyati ichkarisida yuz bergan o‘zgarishlar ortidan inqirozga uchragan va O‘zbekistondagi mol-mulki davlat foydasiga musodara qilingan. Kompaniya 2010 yil 12 avgust kuni Tsug kantoni sudiga topshirgan bankrot deb topish to‘g‘risidagi arizasida joriy aktivlarini qariyb 2,56 mlrd dollar, majburiyatlarini esa 4,12 mlrd dollar deb ko‘rsatgan. Ammo keyinroq bankrotlik idorasi o‘tkazgan o‘rganishlarda kompaniyaning atigi 6,66 mln franklik aktivlari aniqlangan. Jami 191 ta kreditorning da’volari umumiy hajmi esa 5,6 mlrd frankni tashkil etgan. 5,6 mlrd frank miqdoridagi qarz bilan tanazzulga uchrash – Shveytsariya tarixidagi ikkinchi eng yirik bankrotlik holati demakdir.

191 ta kreditor orasida Tsug kantonida tozalash-farroshlik xizmatlari ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi korxonadan tortib, Toshkentdagi Forumlar saroyining interer dizaynini ishlab chiqishda qatnashgan kichik va o‘rta nemis firmalarigacha, O‘zbekiston neft va gaz kompaniyalaridan tortib, Rossiyadagi quvurlar konsorsiumigacha bor edi. Eng mashhur da’vogarlar qatorida braziliyalik futbol yulduzi Rivaldoni uchratish mumkin: 2008 yilda “Bunyodkor” klubida o‘ynagan futbolchi Zeromax unga 22,7 mln frank to‘lashi kerakligini bildirgan.

2019 yilda AQShning Lion Point Capital hedj-fondi Zeromax'ga nisbatan qarz da’volarini (qarzni o‘z foydasiga undirish huquqini) sotib olgan. Fond 2020 yilda Ernst Young'ning Shveytsariyadagi bo‘limi – EY Schweiz ustidan sudga ariza berib, auditorni o‘z majburiyatlaridan chetga chiqish orqali Zeromax'ning moliyaviy barqarorligi haqida kreditorlarda noto‘g‘ri xulosa shakllanishiga sababchi bo‘lishda ayblagan. Sud shundan buyon davom etmoqda.

Financial Times'ga ko‘ra, Gulnora Karimova bilan biznes manfaatlari bo‘lgan Zeromax kompaniyasi 2006–2009 yillarda lyuks toifadagi zeb-ziynatlar xaridiga kamida 38 mln dollar sarflagan. Xususan, bir holatda Karimovaning Jyenevadagi bank seyfidan topilgan Boucheron brendining 2,5 mln dollarlik olmos uzugi uchun to‘lovni Zeromax amalga oshirgan.

Shu va boshqa ko‘plab shubhali holatlarga qaramay, EY Schweiz Zeromax'ning 2005, 2006 va 2007 yillardagi moliyaviy hisobotlariga “toza” (clean bill of health) deb xulosa bergan. Firma 2007 yildan keyin yana uch yil, to kompaniya 2010 yilda bankrotlikka uchragunga qadar uning auditori bo‘lib qolgan, biroq so‘nggi uch yillik bo‘yicha audit xulosalarini chop etmagan.

Sudda Lion Point Capital nomidan da’vogar sifatida Piodina AG qatnashmoqda. Kompaniya Ernst & Young'dan 1 mlrd dollar kompensatsiya undirish niyatida va buning uchun javobgardan Zeromax GmbH'ga oid barcha jismoniy va elektron hujjatlarni taqdim etishni talab qilyapti. O‘tgan yillar davomida avvaliga Tsug kantoni sudi, keyinroq Yuqori sud bu talabni qanoatlantirdi, lekin EY'ning apellyatsiyalari tufayli ish Federal Oliy sudgacha yetib bordi. 2025 yil iyuliga kelib, Federal Oliy sud ham auditorga keng ko‘lamli hujjatlarni ochiqlash majburiyatini yukladi. Bu esa kreditorlarning da’volar majmuasini yangi argumentlar bilan boyitadi.

Da’vogar tomonning manfaatini himoya qilayotgan Quinn Emanuel yuridik firmasining ma’lum qilishicha, bu yutuq Shveytsariyada auditorlarning javobgarligi borasida yangi huquqiy pretsedent yaratadi. Chunki bunga qadar amal qilib kelgan qonunchilik tajribasida, auditorlar zimmasiga ushbu keysdagi kabi hisobdorlik majburiyatini yuklash o‘ta bahsli bo‘lib kelgan.

Tippinpoint'ning yozishicha, suddagi oraliq yutqiziqdan keyin EY Schweiz endi nafaqat hujjatlarni ochiqlashi, balki sud xarajatlari uchun 25 ming frank to‘lov qilishi, shuningdek, da’vogarga 30 ming frank kompensatsiya to‘lashi ham kerak. EY Schweiz matbuot xizmati kompaniya Federal Oliy sud ajrimiga bo‘ysunishini ma’lum qilgan.

Mavzuga oid