O‘zbekiston | 16:48 / 15.05.2026
5044
5 daqiqa o‘qiladi

“Kichik yo‘lda 120 km/soat tezlikda haydadi” – Xorazmda mast holda mashina boshqargan IIB xodimi YTHga uchradi

Holat Shovot tumani hududida sodir bo‘lgan: do‘stlari bilan aroq ichgan IIB xodimi Cobalt mashinasini boshqarib ketayotib, YTHga uchragan. Oqibatda mashinada yo‘lovchi sifatida ketayotgan yigit og‘ir tan jarohati olib, shifoxonada vafot etgan.

Foto: Kun.uz 

Xorazmda yana bir IIB xodimi mast holda mashina boshqarib, do‘stining o‘limiga sababchi bo‘ldi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.

To‘y oldidan ziyofat

Sud hukmiga ko‘ra, 30 yoshli D.Yu. Urganch shahar IIB JXX HPB profilaktika kichik inspektori vazifasida ishlab kelgan. 2025 yil 23 dekabr kuni Cobalt mashinasida do‘sti to‘y boshlagani sababi bilan tashkillashtirgan ziyofatga borgan.

Do‘stlar ziyofatda spirtli ichimlik iste’mol qilgan. Jumladan, D.Yu. ham aroq ichgan. Ulfatchilikdan so‘ng do‘sti X.F. uyiga olib borib qo‘yishni iltimos qilgan.

Shu tariqa, D.Yu. orqa o‘rindiqqa X.F.ni, old o‘rindiqqa yana bir do‘stini yo‘lovchi sifatida mindirib, mast holda mashinasini boshqarib ketgan.

“120 tezlikda haydadi”

D.Yu. yo‘lda boshqaruvni yo‘qotgan va Cobalt yo‘l chetidagi beton to‘siqqa borib urilgan. Oqibatda mashinaning orqa o‘rindig‘ida bo‘lgan X.F. og‘ir tan jarohati olib, shifoxonada vafot etgan.

Mashinaning old o‘rindig‘ida bo‘lgan guvoh sudda shunday ko‘rsatma bergan:

Ziyofatda spirtli ichimlik ichdik. D. aroqni to‘ldirib quyib berishni aytdi. Ziyofat yakunlanib, D. uyiga ketmoqchi bo‘ldi. X. shu paytda D. bilan ketishini, uyiga borib kelmasa bo‘lmasligini bildirdi. D.ga mashinani u haydasa minmasligimni aytdim. Shunday bo‘lsa ham D. mashinani hech kimga bermadi.

D. yo‘lda tezlikni oshirdi. Unga sekinroq hayda, dedim. Kichik yo‘lda 120 km/soat tezlikda harakatlandi. Birinchi chuqurga tushganimizda mashina qalqib ketdi. Shunda ham u tezlikni pasaytirmadi. Ikkinchi chuqurda esa mashina beton to‘siqqa urilib, ag‘darildi. Men oynani sindirib, tashqariga chiqdim”.

“Aybimga iqrorman”

D.Yu. sudda aybiga to‘liq iqrorlik bildirgan. U yo‘lda chuqurga tushib, boshqaruvni yo‘qotganini ma’lum qilgan.

Hodisa sodir bo‘lgan vaqtda mashina tezligi 70-80 km/soat edi. X.F. shifoxonada vafot etdi. Bo‘lib o‘tgan hodisadan keyin marhumning uyiga borib, oilasidan xabar olib turdim”, degan u sudda.

D.Yu. qilgan ishidan pushaymonlik bildirib, suddan yengillik so‘ragan.

“2 mln so‘m olib keldi”

Marhumning otasi sudda o‘g‘lining o‘limiga sababchi bo‘lgan sudlanuvchiga qonuniy chora ko‘rishni so‘rab, shunday degan:

D.Yu. va uning oila a’zolari kechirim so‘rab keldi, moddiy yordam sifatida 2 mln so‘m olib kelishdi. Yordami kerak emasligini aytib, ularni qaytarib yubordik. Spirtli ichimlik iste’mol qilgan holda mashina boshqarib, o‘g‘limning o‘limiga sababchi bo‘lgan D.Yu.ga nisbatan qonuniy chora ko‘ringlar”.

Jazo

JIB Shovot tuman sudi hukmi bilan D.Yu. Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismida (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘lishiga sabab bo‘lishi) nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Unga 4 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Shuningdek, u 3 yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilingan.

Jazoni manzil koloniyalarda o‘tash belgilangan.

Birinchisi emas

Bu Xorazmda IIB xodimi mast holda mashina boshqarib, odam o‘limiga sababchi bo‘lgan ilk holat emas. Avvalroq Xorazm viloyati IIB xodimi mast holda Tracker mashinasini boshqarib borayotib, yo‘l chetida turmush o‘rtog‘i bilan ketayotgan 29 yoshli ayolni urib yuborgandi. So‘ngra jabrlanuvchiga yordam ko‘rsatmasdan, ketib qolgan. Boshqa yo‘lovchi mashinada shifoxonaga olib borilgan ayol ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramay vafot etgan edi. 

Руслан Сабуров
Tayyorlagan Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid