Jamiyat | 15:57 / 16.01.2020
60902
8 daqiqa o‘qiladi

Oltiariqda yanvarda ham tokdan uzum uzib yeysiz. Buning siri nimada?

Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanini bilmagan, uning mirishkor dehqon va bog‘bonlari haqida eshitmagan inson bo‘lmasa kerak. Oltiariqliklarning yer bilan tillashib, to‘rt fasl davomida yetishtirgan meva-sabzavotlari butun O‘zbekiston va qo‘shni mamlakatlar dasturxonini to‘ldirishi tillarda doston.

Saytimizni doimiy kuzatib boruvchi mushtariylardan biri bizni Farg‘onaning mashhur tumaniga taklif qilib, «Kelinglar, qish bo‘lsa ham tokdan yashnab turgan uzum uzib beraman», degan gapiga ishonib-ishonmay, Oltiariq tomon yo‘lga chiqdik. Ming bor eshitgandan bir bora ko‘rgan yaxshi-da.

Tumanga kirib borishingiz bilan ko‘chaning ikki betidagi barcha uylarning oldida ishkomlarni ko‘rasiz. Usta bog‘bonlar tomonidan ko‘chatlar ostiga yangi hosil uchun ishlov berilib, mahalliy o‘g‘itlar solib qo‘yilgan.

 Oltiariqda tug‘ilib o‘sgan mashhur yozuvchimiz Anvar Obidjon o‘z tumani haqida: «Oltiariqliklarning xushlamaydigani – turp ekilmagan bo‘sh maydon, bodringpoyaga kirgan hayvon, uzumning soyasi tushib turmagan ayvon», deya bejiz hazil qilmagan ekan.

 «Chinor tagi» mahallasi bog‘bonlari uzumni may oyigacha saqlar ekan

 Tuman markazidan bir kilometr uzoqlikdagi fayzli mahalla. Har bir uyning oldida uzum ishkomlari bor. Usta bog‘bon Husanboy Ashurovning xonadoniga kirdik. U yerdagi holat lol qoldirdi. Qishning ikkinchi oyi bo‘lishiga qaramay, hovli o‘rtasidagi tokda uzumlar osilib turardi.

 Qushlar, to‘rqovoqdagi bedanalar sayrab turgan xonadonda boshqa faslga o‘tib qolgandek bo‘ldik.

Husanboy aka darvozaxona va uylari tepasini plyonka bilan o‘rab, issiqxona holatiga keltiribdi.

 «Yaxshi bilasizlar, Oltiariq – qadimdan usta dehqonlar, bog‘bonlar yurti. Bizni ota-bobolarimiz ham uzum yetishtirgan. Men ellik yildan beri uzumni uzoq vaqt saqlab sotish bilan shug‘ullanaman.

 Oldinlari uzumni boshqacha saqlar edik. Eski «saqlama» uslubimizda uning bandi qurib qolar edi. Hozir esa uzumni xuddi yangi uzilgandek, bandini ko‘m-ko‘k holda saqlayapmiz. Bog‘bonlar buni «baklashka uslubi» deydi. Bunda pishgan uzumni kaltagi bilan kesib, o‘sha xalq «baklashka» deydigan plastik idishga solib qo‘yamiz.

Siz xonadonimizda ko‘rib turganingiz esa, issiqxona uslubi. Uyimizni tepasini ishkom usti bilan qo‘shib plyonka bilan o‘raganmiz.

 Oltiariqqa uzumlarimizni ko‘rgani turli joylardan mehmonlar keladi. Tokning o‘zidan uzum uzib yeyish ular uchun o‘zgacha jarayon. 15 yildan beri uzumni mana shunday saqlab kelamiz. 8 mart bayrami, Navro‘z kunlarida ko‘pchilik keladi.

 Ko‘rib turganingizdek, yaxshi husayni, qora va oq kelin barmoq, qora go‘zal, rizamat navli uzumlarni saqlayapmiz. Hamma navlarni ham uzoq vaqt saqlash qiyin. Tokzorlarimiz bor. Yiliga 100-150ta yog‘och yashiklarda hosil yig‘amiz. Daromadi ham shunga yarasha. Chetga eksport qilyapmiz.

 Mana shu tepada turgan uzumlar qishdan chiqadi, fevral oyida issiq ta'sir qilib, biroz yumshab qoladi. Mart oyida tok yangi barglar chiqaradi, so‘ng yangi uzumdan nishona paydo bo‘ladi. Aprel oyigacha, uzum mevalari turaveradi.

 «Yashik»lardagi uzumlarga kelsak. Uzumlarni oktabr boshida uzib, «baklashka uslubi»da saqlayapmiz. Endi mazkur uslubning sirini ochib beray: plastik idishni qirqib, past tomoni olinadi. Ichiga suv quyib, uzumning mevali tomonidan kaltagi bilan qirqib solib qo‘yiladi. Kaltak suvdan oziqlanadi va uzum bandi yangi uzilgandek aprel oyining oxirigacha ko‘m-ko‘k bo‘lib turaveradi.

 Oltiariq uzumining boshqa joyda yetishtirilgan uzumlardan katta farqi bor. Aslida uzum respublikamizning deyarli hamma joyida bor. Lekin bizning uzumlarning mazasi boshqa, asosiysi – shirasi ortiq. Laboratoriyada tekshirib ko‘rishganda Oltiariq uzumi tarkibidagi glyukoza miqdori boshqa joyda yetishtirilganidan 10 darajagacha yuqoriligi aniqlangan. Buning siri, Alloh bergan Oltiariqning havosi, suvi o‘zgachaligida bo‘lsa kerak», – deydi Husanboy aka.

 Mehnat qilib, kaftdek yerdan 25-30 million so‘m topayotgan xonadon

 Shu mahalladagi Farhodbek Mansurovning xonadonida ham bo‘ldik. Bu bog‘bonning uzum saqlash uslubi boshqacharoq ekan. Oila a'zolari hovlining bir chekkasidagi bir sotix joyga ekilgan toklar ustini o‘simlik poyalari bilan yopib chiqibdi.

 

Bostirma ichiga kirib, ishkomda oltindek tovlanib turgan uzumlarga havasimiz keldi. Bog‘bonning katta mehnati evaziga uzum zo‘r hosil qilgan. Uzumga qilingan mehnatga yarasha daromad ham yaxshi bo‘libdi. Oila a'zosi Sherzodbek uzum saqlash sirlarini gapirib berdi.

 «Erta bahordan kuzgacha uzumlarni yaxshi parvarish qilamiz. Vaqtida qarab, o‘g‘itlarni solib, xomtok qilib, turli dorilarini sochib turamiz. Kuzning so‘nggi oylarida ishkomning tepasiga poyalar tashlab, yopilgan poyalarni shamol uchirib ketmasligi uchun har tomonidan arqonlar bilan mustahkam qilib tortib chiqamiz. Mabodo qishda qattiq sovuq bo‘lsa, kechalari pech yoqiladi.

 O‘tgan yili oxirgi marta 5 aprel kuni uzum sotdik. Biz asosan husayni navi ekkanmiz. Bir yillik daromadimiz 25-30 million so‘mga boradi», deydi Sherzodbek.

Bog‘bon yigit uzum uzdi. Yeb ko‘rdik. Qish sovug‘ini yegan uzum donalari qarsillab qolibdi.

 Dehqon elni boqadi

 O‘zbekning dehqoniga yer berib, sharoit yaratilsa, o‘zini ham, xalqni ham boqadi. Eksportni ham yo‘lga qo‘yadi. Bizni Oltiariqqa taklif qilgan Ozodbekning aytishicha, Turkiyadan kelgan savdogarlar hatto Oltiariq uzumining bargini salat uchun sotib olishayotgan ekan. Bir dona uzum bargining narxi – 500 so‘m. Bilasiz, uzumning bargi xomtok qilinganida tashlab yuboriladi.

 Uzumchilik jahon miqyosida ham daromadli soha. Dunyoning 84ta davlatida uzum yetishtiriladi. Eng ko‘p tokzorlar – Ispaniya, Italiya va Fransiyada ekan.

 O‘zbekistonda borgan sari paxta maydonlari qisqarib, o‘rnini bog‘lar egallamoqda. Bizningcha, kelajagi bor uzumchilik sohasiga e'tibor qaratish lozim. Farg‘onada bo‘lib, yerdan bir yilda 3-4 marta hosil olayotgan, mehnat qilib rohatini ko‘rayotgan dehqonlarning sharoiti bilan tanishdik. Qoyil qolmay iloj yo‘q.

 Oltiariqlik bog‘bon-dehqonlarning mirishkorligini butun dunyoga ovoza qilgimiz keldi.

 «Bodring pishig‘ida yana Oltiariqqa kelinglar», deya taklif qilishdi. Nasib qilsa boramiz. Siz ham qish kunida uzumning zo‘rini tokdan uzib yemoqchi bo‘lsangiz, Farg‘ona tomonlarga keling.

 Elmurod Ermatov, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi – Ahrorbek Yoqubjonov.

Mavzuga oid