Jahon | 22:21 / 20.09.2023
17083
2 daqiqa o‘qiladi

Ozarboyjon o‘z suverenitetini tikladi - Ilhom Aliyev 

Mamlakat prezidenti Qorabog‘da «dushman qurol-yarog‘i va texnikasining ko‘p qismi» ishdan chiqqanini e’lon qildi. 

Foto: Getty Images

Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev fuqarolarga murojaat qilib, mamlakat armiyasi Qorabog‘dagi 24 soatlik operatsiya davomida «barcha maqsadlariga erishganini» aytdi. 

«Ozarboyjon o‘z suverenitetini tikladi. Dushman qurol-yarog‘i va texnikasining ko‘p qismi ishdan chiqdi» dedi Ilhom Aliyev. 

Uning ta’kidlashicha, Armaniston armiyasiga tegishli yuzdan ortiq tank, bronetexnika va zirhli transportyor, elektron urush uskunalari, ikki yuzdan ortiq to‘p va artilleriya qurilmalari va eng yangi zenit qurilmalari Ozarboyjon hududida noqonuniy joylashtirilgan. 

«Murakkab relef sharoitida, ko‘p yillar davomida amalga oshirilgan keng ko‘lamli muhandislik ishlari natijasida dushman tomonidan qurilgan istehkomlar bo‘lishiga qaramay, dushman pozitsiyalari qirlarda va qulay joylarda joylashganiga qaramay, harbiylarimiz qisqa muddatda qahramonlik va professionallik ko‘rsatib, barcha yo‘nalishlarda muhim harbiy yutuqlarga erishdi. Armaniston tomonidan Ozarboyjon hududlarida noqonuniy joylashtirilgan va Armaniston majburiyatlariga qaramay, haligacha olib chiqilmagan armiyaning muhim qismi butunlay yo‘q qilindi. Harbiy texnikalar ham yo‘q qilindi va yaroqsiz holga keltirildi», dedi Ozarboyjon prezidenti. 

19 sentabr kuni Ozarboyjon Qorabog‘da mahalliy aksilterror tadbirlarini boshlaganini e’lon qildi. 20 sentabr kuni o‘zini «mustaqil» deb e’lon qilgan va tan olinmagan Qorabog‘ning arman ma’muriyati o‘t ochishni to‘xtatish, to‘liq qurolsizlanish va og‘ir texnikalarni Qorabog‘ hududidan olib chiqish to‘g‘risida qaror qabul qildi. 

Armaniston Tashqi ishlar vazirligi Armaniston mojaroga aralashmoqchi emasligini ma’lum qildi. Yerevan Ozarboyjonga qarshi harbiy amaliyotlar boshlash niyatida emas, dedi Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan. Uning so‘zlari Yerevanda norozilik namoyishlari boshlanishiga sabab bo‘ldi.

Mavzuga oid