Informatsion markaz bayonotida Xonkandi (Stepanakert)dagi ayirmachilar hukumati Rossiya tinchlikparvar kontingenti qo‘mondonligi taklifini qabul qilishgani aytilmoqda.

«Ikki kunlik qaqshatkich janglardan so‘ng qurolli kuchlarimiz tirik kuch va harbiy texnikada bir necha barobar ustun bo‘lgan raqibdan qahramonlarcha himoyalandi va ularga talafot yetkazdi. Afsuski, bizning tomonimizda ham talafotlar va yaralanganlar bor, ayrim uchastkalarda raqib mudofaa kuchlari pozitsiyalariga yorib kirishga, bir qator tepaliklar va yo‘llarning strategik bog‘lamlarini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan», — deyiladi bayonotda.

Harbiy harakatlar 20 sentabr mahalliy vaqt bilan soat 13:00 dan boshlab to‘liq tugatilishi e’lon qilingan.

Ushbu kelishuv doirasida «Tog‘li Qorabog‘ mudofaa armiyasi» to‘liq qurolsizlantiriladi, unga tegishli harbiy texnikalar yo‘q qilinadi, Armaniston qurolli kuchlari bo‘linmalari esa Rossiya tinchlikparvar kontingenti nazorati ostidagi zonadan chiqariladi.

Xalqaro vositachilar, jumladan AQSh davlat kotibi Entoni Blinken muzokalarning kechiktirib bo‘lmas bosqichini o‘tkazishni talab qilishmoqda, unda tomonlar Qorabog‘da yashovchi armanlarning huquqlari va xavfsizligi bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilishadi.

Qorabog‘ning Ozarboyjon bilan integratsiyasi masalasi Xonkandidan 100 km uzoqlikdagi Yevlax shaharchasida 21 sentabr kuni rasmiy Boku vakillari bilan bo‘lib o‘tadigan muzokaralar chog‘ida yechiladi.

Voqealar qanday rivojlandi?

Ozarboyjon armiyasi tomonidan Qorabog‘da olib borilgan harbiy operatsiya bir sutkadan sal ziyodroq vaqt davom etdi. Boku uni «aksilterrorchilik operatsiyasi», Yerevan esa — Qorabog‘ armanlarini genotsid qilish, deb atadi.

Tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi «ma’muriyati» ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan sutka ichida 27 kishi, jumladan 2 nafar tinch aholi vakili halok bo‘lgan, 150 ga yaqin kishi yaralangan.

Armaniston hukumati chorshanba kuni 32 kishi halok bo‘lgani va 200 dan ziyod yarador borligi haqida xabar tarqatdi.

Baza ma’lumotlariga ko‘ra, bir sutka davom etgan janglarda tan olinmagan Qorabog‘ respublikasining 2,5 ming kishilik armiyasidan ming nafari yo‘q qilingan. Ozarboyjon armiyasi 60 ming kishilik askarlar bilan jangga kirishgan. Qorabog‘ ayirmachilarining o‘q-dorilari tugab qolgan.