Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ma'muriy sudlar qanday ishlarni ko‘rib chiqadi?
Foto: Fotolia
Norma.uz qabul qilingan Ma'muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksga binoan ma'muriy sudlarning taalluqliligi to‘g‘risida sharh berdi.
Eslatib o‘tamiz, Prezidentning 21.10.2016 yildagi PF-4850-son va 21.02.2017 yildagi PF-4966-son Farmonlari, shuningdek 12.04.2017 yildagi O‘RQ-428-son Qonun bilan ma'muriy sudlarni tashkil etish ko‘zda tutilgan. Ularning ishini tashkil etish uchun yangi Ma'muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksni (bundan keyin - MSIYutK) ishlab chiqish va qabul qilish talab etildi.
MSIYutK ma'muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha sud ishlarini yuritishga tatbiq etilmaydi
Ma'muriy jazolarni qo‘llash ilgarigidek Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks (bundan keyin - MJtK) bo‘yicha amalga oshiriladi. Gap shundaki, ma'muriy sudlar o‘z huquqiy tabiatiga ko‘ra 2 ta har xil ishlar toifasini ko‘rib chiqadi:
a) ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, shuningdek ularning mansabdor shaxslarining xatti-harakatlari (qarorlari) ustidan berilgan shikoyat va arizalar bo‘yicha ma'muriy nizolar – ya'ni muhokama tashabbuskori – o‘z huquqlari va manfaatlarini himoya qilayotgan xususiy shaxs (1.04.2017 yilgacha FPKning 3-kichik bo‘limi bilan tartibga solinadi);
b) qonun bilan ularning vakolatiga kiritilgan ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar – bu yerda, aksincha, davlat organi tashabbuskor bo‘ladi, xususiy shaxs esa huquqbuzarlik sodir etishda ayblanadi va uni jazolash to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqiladi.
Ishlarning mazkur 2 turini shunchaki ayni prinsiplar va qoidalar asosida ko‘rib chiqishning imkoni yo‘q. Bundan tashqari, ushbu bosqichda ma'muriy jazo qo‘llash huquqini to‘liq sudlarga o‘tkazish to‘g‘risida gap borayotgani yo‘q. Shu bois ma'muriy sudlarning ikkita kodeks bo‘yicha ishlashi to‘g‘risidagi qaror o‘zini oqlagan va mantiqlidir.
Fuqarolik, iqtisodiy va harbiy sudlar bilan taalluqlilik bo‘yicha chegaralari
Yuqorida aytib o‘tilgan ishlarning ikki toifasidan birinchisi doirasida ma'muriy sudning taalluqliligi quyidagi tarzda belgilandi. U ma'muriy va boshqa ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan fuqarolar va yuridik shaxslarning buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqadi.
Bunda quyidagilarga taalluqli ishlar ko‘rib chiqilmaydi:
• Konstitutsiyaviy sud – “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonunning 4-moddasiga qarang;
• fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar – Fuqarolik protsessual kodeksi yangi tahririning 26-moddasiga qarang (1.04.2018 yilda kuchga kiradi);
• iqtisodiy sudlar – yangi Iqtisodiy protsessual kodeksning 25-moddasiga qarang (1.04.2018 yilda kuchga kiradi);
• harbiy sudlar – “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunning 41-moddasiga qarang.
Fuqarolar va yuridik shaxslar idoraviy NHHlar yuzasidan Oliy sudda nizolashishi mumkin
MSIYutK tomonidan belgilaganlarga alohida to‘xtalib o‘tamiz: fuqarolar va yuridik shaxslar idoraviy normativ-huquqiy hujjatni (NHH) to‘liq yoki bir qismini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risida Oliy sudga ariza bilan murojaat qilishga haqli. Ya'ni gap davlat boshqaruvi organlari tomonidan qabul qilingan NHH to‘g‘risida boryapti. Bunda taomilga doir masalalar batafsil bayon etilgan.
Eslatib o‘tamiz, Oliy sud Plenumining 19.07.1996 yildagi 18-son “Fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini buzadigan xatti-harakatlar va qarorlar ustidan keltirilgan shikoyatlarni sudlarda ko‘rish amaliyoti to‘g‘risida”gi qarorining 6-bandiga binoan ilgari ham fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda umumnormativ tusidagi hujjatlar yuzasidan nizolashishga ruxsat berilardi. Biroq, aniq bayon qilingan mexanizmlarning mavjud emasligi tufayli bunday amaliyot kam tatbiq etilgandi.
Birinchidan, davlat boshqaruvi organlari tomonidan qabul qilingan NHHning konstitutsiyaviyligi va qonuniyligini tekshirish biror-bir sudning vakolatlarida aniq bayon qilinmagan edi. Konstitutsiyada, 30.08.1995 yildagi 103-I-son eski “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Qonunda va uning o‘rniga kelgan 31.05.2017 yildagi O‘RQ-431-son “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonunda idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni ko‘rib chiqish Konstitutsiyaviy sudning vakolatlaridan “tushib qoldi”. U tomondan ko‘rib chiqiladigan hujjatlarni, shu jumladan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, Oliy Majlis palatalari qarorlari, Prezidentning, Hukumatning va mahalliy davlat hokimiyati organlarining qonunosti hujjatlarini sanab o‘tishda idoraviy NHH tushirib qoldirilgan.
Ma'lumot uchun: Konstitutsiyaviy sud o‘z tarixida faqat bir marta idoraviy normativ-huquqiy hujjat to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqqan (1998 yilda). Fuqarolar va yuridik shaxslar esa uning ko‘rib chiqishi uchun masalalarni kiritishga haqli emas.
O‘z navbatida, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar va iqtisodiy sudlarning taalluqliligi bo‘yicha (jumladan Oliy sud fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay'ati va sobiq Oliy xo‘jalik sudi) idoraviy NHHni ko‘rib chiqish to‘g‘ridan-to‘g‘ri bayon etilmagan.
Ikkinchidan, 2015 yilda “Prokuratura to‘g‘risida”gi Qonunning 14-moddasiga Bosh prokurorning davlat boshqaruvi organlari va hokimlarning hujjatlari qonunchilikka muvofiq kelmasa yoki fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini jiddiy ravishda kamsitayotgan bo‘lsa, bu hujjatlarni to‘xtatib turish yoxud bekor qilish to‘g‘risida Prezidentga takliflar kiritish vakolati kiritildi. Bu fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar va iqtisodiy sudlarning idoraviy NHHni haqiqiy emas deb topish vakolatlari to‘g‘risidagi huquqiy normalarni talqin etishda qo‘shimcha qiyinchiliklar tug‘diradi.
Endi mazkur noaniqliklar bartaraf etildi. Biroq, Oliy sudning vakolati faqat idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar bilan cheklanganligiga e'tibor qaratamiz. Qolgan barcha NHH – Konstitutsiyaviy sud taalluqliligi bo‘yicha.