O‘zbekiston | 14:04 / 06.06.2024
24900
5 daqiqa o‘qiladi

Putin: biz O‘zbekiston siyosatining xolis va juda muvozanatli ekanini qadrlaymiz

RF prezidenti o‘zbekistonlik jurnalistning savoliga javob qaytararkan, Afg‘onistondagi barqarorlik O‘zbekiston uchun ham, Rossiya uchun ham juda muhim ekanini ta’kidladi.

5 iyun kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi («PMEF») doirasida jahon axborot agentliklari vakillari bilan uchrashib, uch soat davomida jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.

Uchrashuvda O‘zbekiston milliy axborot agentligi (O‘zA) bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov ham qatnashib, Rossiya prezidentiga Afg‘oniston masalasida savol berdi.

— Vladimir Vladimirovich, yaqinda Toshkentda o‘tkazilgan muzokaralarda siz prezident Shavkat Mirziyoyev bilan dolzarb xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashdingiz.

Bizning O‘zbekiston uchun qo‘shni Afg‘oniston zaminida tinchlik va barqarorlik o‘ta muhimdir. Afsuski, Ukrainadagi voqealar butunlay global kun tartibidan, bizningcha, kamroq dolzarb bo‘lmagan afg‘on masalalarini siqib chiqardi. Biroq yangi Afg‘oniston hukumati bilan hamkorlik o‘rnatish, uzoq yillar qiynalib kelayotgan afg‘on xalqining ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal qilishga yordam berish zarurati mavjud. Bundan tashqari, biz yangi Afg‘oniston hukumati, ya’ni «Tolibon»ning, mamlakatda tinchlik o‘rnatishga, barcha davlatlar bilan konstruktiv hamkorlik o‘rnatishga intilayotganini ko‘rmoqdamiz.

Shu bilan bog‘liq savolim: Rossiya Federatsiyasi uchun Afg‘oniston bilan muloqotni davom ettirish qanchalik muhim? Bugungi kunda afg‘on yo‘nalishi Rossiya siyosatida qanday o‘rin tutadi? Bu mamlakat atrofidagi jarayonlarga munosabatingiz qanday?

— Vladimir Putin: Avvalo, shuni tasdiqlamoqchimanki, O‘zbekistonga tashrifim juda jiddiy, samarali va natijador bo‘ldi. Bunday format hali hech kim bilan bo‘lmagan, aynan prezident Mirziyoyev tomonidan tashabbus sifatida taklif etilgan edi. Biz prezident taklifiga binoan katta hukumat delegatsiyasi bilan O‘zbekistonga keldik va bir vaqtda hudud rahbarlari yig‘ilishini o‘tkazdik. Natijada, Rossiya hukumatining yarmi Toshkentga keldi va Rossiya Federatsiyasi hududlarining ko‘plab rahbarlari ham ishtirok etdi. Qizig‘i, ba’zi hududlar rahbarlari hatto Toshkentda yangilangan Rossiya hukumatining rahbariyati bilan muloqot qilishdan zavqlanib, o‘zaro juda faol ish olib bordilar. Bu juda foydali bo‘ldi, hatto men uchun ham kutilmagan natija bo‘ldi. Bu birinchisi.

Ikkinchidan, biz Ukraina muammosini ham muhokama qildik, va prezident Mirziyoyev, albatta, Ukraina inqirozini tinch yo‘l bilan hal qilish tarafdori ekanini bir necha bor izhor etdi. Biz O‘zbekiston prezidentiga o‘zbeklarning Ukrainadagi voqealardan xavotirlanayotgani haqida bir necha bor gapirganliklari uchun minnatdorchilik bildiramiz. Ammo biz O‘zbekiston siyosatining xolis va juda muvozanatli ekanini qadrlaymiz.

Afg‘oniston masalasiga kelsak, biz bu haqda ham juda ko‘p gaplashdik. O‘zbekiston duch kelayotgan muammo – bu dunyo okeaniga, dengizlarga chiqish muammosi, buni yaxshi tushunamiz. Bu yerda turli yo‘nalishlar mavjud, jumladan Afg‘oniston hududi orqali logistika rivojlanishi, neft-gaz quvurlari, temiryo‘l transporti, avtomobil yo‘llari tarmog‘i, energetika, elektr energiyasi yetkazib berish va boshqalar.

Albatta, O‘zbekiston uchun ham, biz uchun ham Afg‘onistondagi barqarorlik juda muhim. Biz doimo shuni aytib kelamizki, amaliy realliklardan kelib chiqish kerak: «Tolibon» Afg‘onistonda hokimiyatni nazorat qilmoqda, va, albatta, Birlashgan Millatlar Tashkiloti darajasida erishilgan barcha kelishuvlar bajarilishiga erishish kerak, jumladan, Afg‘onistondagi barcha etnik guruhlar ishtirok etadigan inklyuziv hukumatga ega bo‘lish kerak. Bu nozik va juda muhim masala. Ammo «Tolibon» hukumati bilan munosabatlarni yo‘lga qo‘yish zarur.

Umuman olganda, bizda kontaktlar mavjud, bilaman, Afg‘oniston ham buni rivojlantirishga intilyapti. Biz bu borada birgalikda ishlaymiz, ushbu imkoniyatlarni o‘rganamiz.

Mavzuga oid