Jahon | 08:50 / 01.10.2024
6478
2 daqiqa o‘qiladi

Putin RF Xavfsizlik kengashi tarkibini 35 kishigacha kengaytirdi

Xavfsizlik kengashining yangi a’zolari - bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Denis Manturov, Aleksandr Linets, Viktoriya Skvorsova va Putinning sobiq qo‘riqchisi Aleksey Dyumin.

Foto: kremlin.ru

Rossiya prezidenti Vladimir Putin RF Xavfsizlik kengashi a’zolari sonini 35 kishiga yetkazdi. Tegishli farmon 30 sentabr, dushanba kuni normativ-huquqiy hujjatlar rasmiy nashri saytida e’lon qilindi. Xavfsizlik kengashining yangi a’zolari bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Denis Manturov va Putinning sobiq qo‘riqchisi, endi esa uning yordamchisi va Rossiya Federatsiyasi Davlat kengashi kotibi Aleksey Dyumin bo‘ldi.

Bundan tashqari, Xavfsizlik kengashi tarkibiga prezidentning Maxsus dasturlari bosh boshqarmasi boshlig‘i Aleksandr Linets, shuningdek, Federal tibbiy-biologiya agentligi rahbari, sobiq sog‘liqni saqlash vaziri Veronika Skvorsova kirdi. Shu bilan birga, sentabr oyida Federatsiya kengashi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimini egallagan «Yagona Rossiya» partiyasi bosh kotibi vazifasini bajaruvchi Vladimir Yakushev Xavfsizlik kengashi tarkibidan chiqarildi.

Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashining raisi — Vladimir Putin, uning o‘rinbosari — Dmitriy Medvedev. Organning vazifalariga milliy xavfsizlikni ta’minlash sohasida davlat siyosatini shakllantirish va uning amalga oshirilishini nazorat qilish kiradi. Kengashning doimiy a’zolari orasida asosiy ijro etuvchi va qonun chiqaruvchi hokimiyat rahbarlari bor. 2024 yilning may oyidan beri Xavfsizlik kengashi kotibi - Rossiyaning sobiq mudofaa vaziri Sergey Shoygu. Undan avvalgi kotib Nikolay Patrushev Putinning yordamchisi lavozimiga tayinlangan.

Mavzuga oid