O‘zbekiston | 20:24 / 16.09.2025
9124
2 daqiqa o‘qiladi

Norin daryosida birinchi «milliy» GES ishga tushirildi

2024 yil 25 mart kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatida yangi elektr stansiyalari qurilishini boshlab bergan edi. Bugun ulardan biri – Norin GES kaskadining dastlabki bosqichi ishga tushdi. Davlat rahbari viloyatga tashrifi chog‘ida ushbu energetika inshootini ko‘zdan kechirdi.

Shavkat Mirziyoyev 16 sentabr kuni Namangan viloyatida Norin GES kaskadining dastlabki inshootini ko‘zdan kechirdi.

Qayd qilinishicha, hozir «O‘zbekgidroenergo» aksiyadorlik jamiyati tomonidan Norin daryosida 6 ta GES kaskadi qurilishi boshlangan. Loyihaning umumiy qiymati 428 million dollardan ziyod, umumiy quvvati 228 megavatt bo‘ladi.

Birinchi bosqichda GES-1 ishga tushirildi. Eng muhimi, u to‘liq mahalliy mahsulot va uskunalar asosida barpo etildi. Ta’kidlanishicha, uni mamlakatdagi birinchi «milliy» GES deyish mumkin.

GES-1 yillik 171 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatiga ega. Bu yerda 130 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Loyiha natijasida 430 mingta xonadon elektr energiyasi bilan ta’minlanadi, yiliga 290 million kub metr gaz tejaladi. Bu iqtisodiyot uchun qariyb 300 milliard so‘mlik qo‘shimcha manfaat demakdir.

O‘zbekiston gidroenergetikasi tarixida ilk bor ushbu loyiha doirasida gorizontal kapsula shaklidagi gidroagregatlar joriy etildi. Ular kichik bosim sharoitida ham yuqori samaradorligi bilan ajralib turadi va milliy gidroenergetika sohasida yangi bosqichni boshlab bermoqda.

Norin GES kaskadi – yashil iqtisodiyotni rivojlantirish va aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladigan strategik loyiha hisoblanadi. 2026 yilda ikkinchi va uchinchi, 2027 yilda qolgan stansiyalar ham ishga tushiriladi. Har bir stansiyaning quvvati 38 megavatt bo‘ladi.

Mavzuga oid