O‘zbekiston | 19:42 / 01.05.2015
2284
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston 2018 yilga qadar OIV bilan kasallangan bemorlar sonini 50 foizga qisqartirmoqchi

980629166

Kun.uz: O‘zbekiston hukumati 2017 yilning oxiriga qadar OIV bilan kasallangan bemorlar sonini 50 foizga qisqartirmoqchi. Bu haqda 1 mayda bo‘lib o‘tgan respublikamiz hukumati va BMTning Mingyillik rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha berilgan hisobotda aytilmoqda.

2014 yil sentabrda O‘zbekistonda hukumat tomonidan OIV-infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurashga qaratilgan uch yillik davlat dasturi tasdiqlangan. Qiymati 20 mln dollarni tashkil qiladigan ushbu dasturda OITSning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar, OITSga qarshi kurashish markazlari va davolash-profilaktika muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahamlash ko‘zda tutilgan.

“Milliy strategiyaga ko‘ra, 2017 yilning oxiriga qadar jinsiy va parenteral yo‘l bilan yuqtirilgan OIV holatlari sonini 50 foizga qisqartirish mo‘ljallangan”, – deyiladi bayonotda.

Bayonot ma'lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda OIV-infeksiyasi tarqalish sur'atlari 2009 yilda qayd qilingan yuqori ko‘rsatkichlardan keyin pasayishni boshlagan. O‘sha yili 4 mingga yaqin shunday holat qayd etilgan edi. Biroq 2013 yilda eng yuqori darajadagi ko‘rsatkich – 4247 ta OIV bilan kasallanganlik holati qayd qilingan. Bu asosan xorijda ishlab qaytgan mehnat muxojirlari orasida OIV bilan kasallanganlar hisobiga yuqori bo‘lgan. 2013 yilda bunday toifadagi aholi vakillari orasida OIV bilan kasallanganlar soni 418 tani tashkil qilgan. Bayonotda giyohvandlar va yangi tug‘ilgan chaqaloqlar orasida OIV bilan kasallanganlar soni kamaygani ijobiy natijalar sifatida ko‘rsatilgan. 2007 yilda giyohvandlar orasida bu ko‘rsatkich 13 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, 2013 yilda bu ko‘rsatkich 7,3 foizni tashkil qilgan. 18 oylikdan katta bolalar umumiy sonidan OIV bilan kasallangan chaqaloqlar soni 2007 yildagi 3,9 foizdan 2013 yilda 0,8 foizgacha qisqargan.

Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, 31 mln aholiga ega bo‘lgan O‘zbekistonda ayni paytda 27,5 ming nafar OIV bilan kasallangan bemorlar qayd qilingan. Ulardan 75 foizi antiretrovirus terapiya bilan kamrab olingan.

rah
Tayyorlagan rah
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish