Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonlik o‘smir bokschilar Bokudagi musobaqadan 10ta medal bilan qaytishdi
Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida boks bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida an'anaviy xalqaro turnir bo‘lib o‘tdi. O‘zA xabariga ko‘ra, unda 10ga yaqin davlatdan 150 nafar yosh sportchi ishtirok etdi.
46 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasida musobaqani chorak finaldan boshlagan o‘zbekistonlik yosh bokschi Halimbek O‘tegenov avvaliga mezbonlar vakilini, yarim finalda gruziyalik, hal qiluvchi jangda qozog‘istonlik sportchini mag‘lubiyatga uchratib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.
Vazni 50 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar bahsida o‘zbekistonlik Murodjon Aliyev, 54 kilogrammgacha og‘irlikdagi sportchilar o‘rtasida o‘zbekistonlik Saidjamshid Jafarov ham raqiblariga hech qanday imkoniyat qoldirmadi va oltin medalni qo‘lga kiritdi.
O‘zbekistonlik yosh bokschilardan Bahodir Barotov, Farrux Ilhomov va Dilshod Ro‘zmetov o‘z vazn toifasida kumush medalga loyiq topildi. Jahongir Rahmonov, Temur Merjanov, Yahyoxon Saidxonov va Abbosxon Mirzaabdullayev bronza medal bilan taqdirlandi.
Xalqaro turnirda uchtadan oltin va kumush hamda to‘rtta bronza medalni qo‘lga kiritgan O‘zbekiston terma jamoasi a'zolari umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egalladi.