O‘zbekiston | 05:07 / 07.05.2015
4586
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda keyingi yilning oxiriga qadar energiyani hisobga olishning yangi tizimi joriy etiladi

Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi 2016 yilning oxiriga qadar bosqichma-bosqich Toshkentning barcha tumanlarida elektr energiyani hisoblashning avtomatlashtirilgan tizimini tatbiq qilishni rejalashtirmoqda

“Ayni paytda Bektemir tumanida 10476 abonent ushbu tizimga ulandi. Toshkentning boshqa tumanlarida ham bosqichma-bosqich ishlar boshlanadi.  Barcha ishlar 2016 yilning 4-choragida tugatiladi”, deb aytmoqda Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi bosh muhandisi Dilmurod Saydullayev.

2004 yilda O‘zbekiston hukumati tomonidan iste'molchilarning eski elektr hisoblagichlarini elektr energiyani hisoblashning avtomatlashtirilgan tizimiga mos bo‘lgan yangi hisoblagichlar bilan almashtirishni nazarda tutuvchi qaror qabul qilingandi. Tizim qarzdorlik mavjud bo‘lganda iste'molchilarni avtomatik ravishda elektr energiya berish tizimidan uzib qo‘yish imkonini beradi. Yangi hisoblagichlarda ko‘rsatkichlarni noqonuniy tarzda to‘g‘rilab qo‘yishning imkoni yo‘q. 

Saydullayevning aytishicha, bugun korxona uchun asosiy muammo aholining debitorlik qarzi hisoblanadi. Bu qarzdorlik 20 mlrd so‘mga baholanmoqda. “Bu borada eng yomon holat Olmazor va Mirzo-Ulug‘bek tumanlarida kuzatilmoqda. Bizning hisoblarga ko‘ra, 1-chorakda qarzdorlikning kamaygani qayd etilmoqda”, deb axborot berdi Saydullayev.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish