Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekiston banklari 2020 yilga qadar “Bazel III” standartini joriy etishni yakunlashlari kerak
O‘zbekiston tijorat banklari 2020 yilga qadar bank nazorati bo‘yicha “Bazel-III” standartlarini bosqichma-bosqich joriy etishlari kerak. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti tomonidan 2015 yil 6 mayda imzolangan qarorda belgilab qo‘yilgan, deya xabar bermoqda "RIA Novosti".
Xususan, keyingi besh yil davomida regulyativ kapitalning minimal yetarlilik koeffitsiyentini 14,5 foizga (hozir 10 foiz), I darajali kapital yetarlilik koeffitsiyentining minimal ko‘rsatkichini 11 foizga (5 foiz) yetkazilishi kerak.
Avvalroq, O‘zbekistonning barcha tijorat banklariga 2015 yil 1 yanvariga qadar, “Bazel III” standarti normalari tatbiq etilayotgani munosabati bilan likvidlik qoplami normasini 100 foizga yetkazish majburiyati yuklangan edi.
Qarorda qayd etilishicha, O‘zbekiston banklarining faoliyati to‘g‘risidagi ma'lumotlarni ochiqligini ta'minlash bo‘yicha choralar yanada kuchaytiriladi, xususan, banklar o‘zlarining yillik va oraliq moliyaviy hisobotlarni o‘z veb-saytlarida yoki bank siri to‘g‘risidagi qonunchilikka zid bo‘lmagan boshqa yo‘llar bilan e'lon qilishlari kerak.
Hozirgi vaqtda O‘zbekiston bank tizimida 26 tijorat banki faoliyat olib bormoqda, ularning uchtasi davlat, beshtasi – xorijiy kapital ishtirokida, o‘ntasi aksiyadorlik va sakkiztasi xususiy banklardir.