Jahon | 07:30 / 12.05.2015
4804
2 daqiqa o‘qiladi

Nemtsovning Ukrainadagi urushga bag‘ishlangan hisoboti e'lon qilindi

Yil boshida o‘ldirib ketilgan rossiyalik muxolifatchi siyosatchi Boris Nemtsovning Ukrainadagi urushga bag‘ishlangan hisobotining bir qismi OAVda e'lon qilindi. “Putin. Urush” deb nomlangan bu hisobot RBK saytidan ham o‘rin oldi.
Hisobotning to‘la matni 64 sahifadan iborat bo‘lib, unda Ukrainadagi voqealarga oid guvohliklar, OAV materiallari, rasmiy axborot va Nemtsovning o‘zi tomonidan to‘plangan ma'lumotlar asosida Rossiya qo‘shinlarining Ukraina sharqidagi ixtilofdagi ishtiroki xususida so‘z yuritilgan.
Matn ustida sobiq bosh vazir o‘rinbosari Alfred Kox, jurnalistlar Ayder Mujdabayev, Oleg Kashin, RPR-PARNAS siyosiy kengashi a'zolari Ilya Yashin, Leonid Martinyuk va partiya ijrochi direktori Olga Shorinalar ishlagan.
Nemtsovning keltirishicha, 2014 yil avgustida Ukrainada 150 nafar Rossiya askari halok bo‘lgan.
Yana 70 nafar askar, shu jumladan, 17 desantchi, 2015 yilning yanvar va fevral oylarida Debaltsevo shahri yaqinida halok bo‘lgan.
O‘n oy ichida Rossiya byudjyetidan 53 mlrd rubl Ukraina janubi-sharqidagi urushga sarflangan. 2014 yil iyulidan boshlab Donetsk va Luganskdan kelgan qochqinlarga qarash uchun 80 mlrd rubl sarflangan. O‘z navbatida, Qrimga 2 trln 750 mlrd rubl yo‘naltirilgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish