Texnologiya | 19:56 / 12.05.2015
2689
3 daqiqa o‘qiladi

Watson superkompyuteri onkologik kasalliklar bilan kurashadi

IBM korporatsiyasi muhandislari tomonidan yaratilgan Watson superkompyuteri unga yangi bo‘lgan yo‘nalishga – sog‘liqni saqlashga qaratildi. Endilikda superkompyuter saratonga uchragan bemorlar uchun eng samarali dorilar to‘plamini topish va hisoblab chiqish uchun saraton o‘simtalarini tahlil qilishda yordam beradi.

Superkompyuterdan ushbu maqsadda foydalanish AQShning personallashtirilgan tibbiyotni rivojlantirish dasturining bir qismi hisoblanadi. Onkologik kasallik irsiy mutatsiya oqibatida yuzaga keluvchi, o‘zidan nazorat qilib bo‘lmaydigan hujayralar o‘sishini namoyon qiladi. Olimlar aynan qanday mutatsiya saratonga sabab bo‘lganini aniqlay olsalar, unda bu kasallikni ancha samaraliroq davolash mumkin bo‘ladi.

Bunda asosiy muammo DNKni sekvenerlashda (DNKning aminokislotik yoki nukleotid ketma-ketligini aniqlash) katta miqdordagi ma'lumotlarni qayta ishlash zarurligidan iborat. Bu vazifani oddiy kompyuterlar eplay olmaydi, chunki minglab irsiy mutatsiyalardan kasallikning kelib chiqishiga sababchi bo‘lganini aniqlash katta hisob-kitoblarni talab qiladi. Bu vazifani faqatgina superkompyuter bajara olishi mumkin.

Onkologlar Watson’ning quvvati katta hajmdagi ma'lumotlar muammosini hal qilishga yordam beradi, deb umid bildirmoqdalar. Kompyuterga DNK nusxalari yuklanadi, so‘ngra kompyuter olingan ma'lumotlar ichidan saratonning kelib chiqishiga sababchi bo‘lganini qidirishni boshlaydi. Kompyuter xotirasiga avvaldan turli klinik sinovlar va tasdiqlangan dorilar bo‘yicha ma'lumotlar kiritilgan bo‘ladi. Kerakli mutatsiya aniqlangandan keyin, Watson u yoki bu dori-darmonlar bilan davolashning barcha kombinatsiyalarini qidirishni boshlaydi. IBM dasturchilari superkompyuterni bunday vazifalarni bajara olishga tayyorlashlari uchun yarim yildan ko‘proq vaqt sarflashdi.

Hozircha bir narsa noaniqligicha qolmoqda: tibbiyot muassasalari IBM’ning bu xizmatlari uchun qancha to‘lashi kerak bo‘ladi va superkompyuterning quvvati barcha istovchilarga yetmasligi hisobga olinsa, u qancha bemorlarga yordam bera olishi mumkin bo‘ladi?

Ma'lumot uchun, IBM Watson superkompyuteri sun'iy intellektning savol-javob tizimi bilan jihozlangan. Kompyuter Devid Feruchchi rahbarligidagi tadqiqotchilar guruhi tomonidan yaratilgan. Watson’ning asosiy vazifasi tabiiy tilda berilgan savollarni tushunib, ularga ma'lumotlar bazasidan javob berishdan iborat. Kompyuter IBM korporatsiyasining asoschisi Tomas Uotson sharafiga uning nomi bilan atalgan.
Watson kompyuteri har biri to‘rtta sakkiz yadroli POWER7 arxitekturasiga ega protsessorlar bilan jihozlangan 90ta IBM p750 serveridan tashkil topgan. Super kompyuterning umumiy tezkor xotirasi 15 terabaytdan ko‘proqni tashkil qiladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish