Texnologiya | 10:46 / 12.05.2015
3367
2 daqiqa o‘qiladi

Windows 10 operatsion tizimning oxirgi raqamli yangilashi bo‘ladi

Microsoft korporatsiyasi dasturchisi Jyerri Nikson Ignite anjumanida Windows 10 operatsion tizimi Windows OT lar orasida oxirgi raqamli versiyasi bo‘lishini ma'lum qildi. Bu haqda The Verge yozmoqda.

Yangi operatsion tizim doimiy yangilashlarga ega xizmat sifatida yaratiladi. Ehtimol, bu alohida komponentlar bo‘yicha amalga oshiriladi. Misol uchun, pochta uchun yangilashlar, keyin “Pusk” menyusi uchun yangilashlar va hokazo. Microsoft matbuot xizmati The Verge nashriga bergan ma'lumotda korporatsiya Windows’ning raqamli versiyalarini chiqarish o‘rniga uni doimiy yangilashga o‘tkazishni rejalashtirayotganini ma'lum qilgan.

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, Windows 10 uchun keyingi yangilash Redstone nomi ostida ishlab chiqilmoqda. U 2016 yilning bahorida chiqishi kerak. Bu yangilash operatsion tizimning aynan qaysi komponentlariga tegishli bo‘lishi hozircha noma'lum. Taxmin qilinishicha, Redstone yoki Windows 10.1 yoki Windows Server uchun yangilash bo‘ladi. 

Windows 10 operatsion tizimi joriy yilning iyulida sotuvga chiqishi kerak. Bu ma'lumotni AMD kompaniyasi rahbari Liza Su ma'lum qildi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish