Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qashqadaryoga “Salomatlik poyezdi” orqali ijtimoiy yordam yetkazildi
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi va “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat aksiyadorlik kompaniyasi hamkorligida tashkil etilgan “Salomatlik poyezdi” Qashqadaryo viloyatining Oqrabot va Dehqonobod temir yo‘l bekatlarida bo‘ldi.
“Keksalarni e'zozlash yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida tashkil etilgan ushbu xayriya aksiyasi, chekka tumanlar va borish qiyin bo‘lgan hududlar aholisi, ayniqsa, yoshi ulug‘ insonlarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, ularga manzilli muruvvat yordami ko‘rsatishga qaratilgani bilan ahamiyatli hisoblanadi.
“Aktsiya kunlari, shuningdek, nogiron bolalar, boquvchisini yo‘qotgan ko‘p bolali oilalar, ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarning salomatligini muhofaza qilish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida aholiga dori-darmon va tibbiy anjomlar, sanitariya-gigiyena vositalari, kiyim-kechak va oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi”, – deydi “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi viloyat filiali rahbari Gulnora Sharipova.
Tadbir doirasida Dehqonobod tumani markazi va Oqrabot qishloqlaridagi 750ga yaqin kishi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Keksaligi yoki og‘ir betobligi sabab shifokorlar qabuliga kela olmagan bemorlar xonadonlariga borib, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Istiqlol mahallasida yashayotgan Bekkamtosh momo Xurramova birinchi guruh nogironi. Mutaxassislar bemorning uyida uning kasallik tarixini o‘rganib, tegishli tavsiyalar berdi. Nogironlik aravachasi taqdim etildi.
Tadbir davomida ijtimoiy ko‘makka muhtoj aholi va nogironlarga, tibbiy-ijtimoiy muassasalarga qariyb 800 million so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari, nogironlik aravachalari, kiyim-kechak, dori-darmon, tibbiyot anjomlari, sanitariya-gigiyena vositalari, o‘quv qurollaridan iborat muruvvat yordamlari ko‘rsatildi.