Jamiyat | 13:07 / 15.05.2015
4192
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda ayol o‘z o‘g‘lining pulini o‘g‘irladi

Sergeli tumanida keksa ayol o‘z o‘g‘lining pulini o‘g‘irladi. Bu haqda “Ogoh” gazetasi xabar bermoqda.

Yozilishicha, 75 yoshli Munisa Rahmonova kichik o‘g‘li bilan birga istiqomat qilgan. Bir kuni uydan chiqib, yo‘l-yo‘lakay katta o‘g‘lining uyiga kirgan. O‘g‘li va kelini ishga, bolalar maktabga ketgan. Uyda yolg‘iz qolgan Munisa aya o‘g‘li va kelinining yotoqxonasiga kirib, divandagi matras ostidan 3 500 dollar topib olgan. Eski kiyimlar taxlangan joydan yana 16 000 dollar topgan. Bu pullarni u cho‘ntagiga solib qo‘ygan.
Ertasi kuni o‘g‘li Abduhamid pullar yo‘qolganini aniqlagan. Buni eshitgan rafiqasi Visola xastalanib qolgan. Onasidan gumonsiragan Abduhamid huquq-tartibot idoralariga murojaat qilgan. Tergov ishlari olib borilayotgan paytda Munisa Rahmonova o‘z qo‘li bilan 19 500 dollarni huquqni muhofaza qilish idorasiga olib kelib topshirgan.

“Kelinimning esini kiritib qo‘yish uchun shu ishga qo‘l urdim”, – deb o‘z xatti-harakatlarini tushuntirgan keksa ayol.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish