Jahon | 08:44 / 17.05.2015
4914
2 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an hozirgi Misr ko‘proq Qadimgi Misrga aylanib borayotganini ta'kidlamoqda

Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Misrning sobiq prezidenti Muhammad Mursiyga o‘lim jazosi chiqarilganini keskin tanqid ostiga oldi.

Misr sudi 16 may kuni Mursiy va “Musulmon birodarlar”ning qolgan a'zolariga xorijiy razvedkalar foydasiga josuslik qilish va 2011 yildagi inqilob paytida odamlarning o‘ldirilishi bo‘yicha dastlabki o‘lim jazosi hukmini chiqardi. Ish bo‘yicha hujjatlar mamlakatning bosh muftiysiga tasdiqlash yoki rad etish uchun topshirildi. Sudning yakuniy qarori 2 iyunda e'lon qilinadi.

“Afsuski, Misrda xalq saylagan prezident Mursiyni qatl etish haqida qaror qabul qilindi. Misr ko‘proq Qadimgi Misrga aylanib bormoqda. O‘zida o‘lim jazosini bekor qilgan ko‘plab G‘arb davlatlari Misrdagi harbiy to‘ntarishga hech qanday munosabat bildirmadi va hozirda ham bu jarayonni chetdan turib kuzatmoqda”, deb aytdi Erdo‘g‘an Istanbulda o‘tgan chiqishi paytida.

2013 yilda Misr armiyasi Misr hukumati tepasida “Musulmon birodarlar” vakillari bo‘lganidan norozi bo‘lgan xalq g‘alayonlari paytida Mursiyni hukumatdan chetlashtirib, mamlakatda muvaqqat hokimiyatni e'lon qilgan edi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish