Jahon | 06:18 / 18.05.2015
2115
2 daqiqa o‘qiladi

Makedoniyada 20 mingdan ortiq namoyishchi hukumatning iste'foga chiqishini talab qilmoqda

Makedoniyada 17 may kuni 20 mingdan ortiq namoyishchi hukumat hamda bosh vazir Nikola Gruyevskiyning iste'foga chiqishini talab qilib ko‘chalarga chiqdi.

Muxolifat kuchlari, turli talabalar tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyati vakillari fuqarolarni namoyishda ishtirok etishga chaqirdi. Makedoniya sotsial-demokratik ittifoqi yetakchisi Zoran Zayev boshchiligidagi muxolifat bosh vazirni korrupsiyada, davlatni avtoritar uslubda boshqarishda va o‘n minglab fuqarolar ortidan josuslik qilganlikda ayblamoqda.

Gruyevskiy 16 mayda Sitel telekanaliga bergan intervyusida iste'foga ketmasligini yoki muvaqqat hukumatni shakllantirish hamda navbatdan tashqari saylovlarga tayyorlanmasligini ma'lum qilgandi. Bundan tashqari, u muxolifat yetakchisi Zayevni xorijiy xizmatlar tomonidan moliyalashtirilayotganlikda ayblagan.

Hukumat 18 may kechki payt mamlakat poytaxti Skopeda o‘z tarafdorlarining namoyishi bo‘lib o‘tishini e'lon qildi.

Avvalroq ma'lum qilinganidek, Makodeniya Ichki ishlar vaziri Gordana Yankuloskaya va Xavfsizlik va kontrrazvedka xizmati rahbari Sasho Miyalkov iste'foga chiqdi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish