Sport | 16:19 / 18.05.2015
4260
2 daqiqa o‘qiladi

Xalqaro xokkey federatsiyasi Rossiya termasini Kanada madhiyasiga nisbatan hurmatsizlik uchun jazolaydi

Xalqaro xokkey federatsiyasi prezidenti (IIHF) Rene Fazel Rossiya terma jamoasining Kanada madhiyasi yangrayotgan paytda muz maydonini tark etgani uchun Rossiya xokkey federatsiyasi jazolanishini bildirib o‘tdi.

«Jahon chempionatidan qaytgach, biz bu masalani Rossiya xokkey federatsiyasi rahbarlarini chaqirib yana muhokama qilamiz. IIHFda mavjud qoidalarga ko‘ra Rossiya aniq jazoga tortiladi», deya Fazelning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda TASS axborot agentligi.

«Bu vaziyatni ko‘rganimdan keyin kayfiyatim juda yomon tomonga o‘zgardi. Meni ishtirokimda o‘tgan 29ta jahon chempionati davomida bunaqa holat birinchi marta sodir bo‘lishi. Muz ustida hamma narsa bo‘lishi mumkin, jang, tortishuvlar, lekin raqibga o‘yindan keyin hurmatsiz munosabatda bo‘lishni hech qanaqasiga oqlab bo‘lmaydi. Rossiya terma jamoasi bu holatda o‘zini yomon tomondan ko‘rsatdi».

«Men Ovechkin va Malkinni yechinish xonasiga shoshilayotgan boshqa xokkeychilarni to‘xtatmoqchi bo‘lganini ko‘rdim. Bunday vaziyatlardan faqatgina xokkeychilarning o‘zini ayblab bo‘lmaydi. Terma jamoaning o‘z rahbarlari — bosh murabbiy, bosh menejyerlari — bor va ular xokkeychilarni to‘xtatishi va vaziyatni o‘nglashlari lozim edi».

«Men yakshanba kuni Rossiyada shu paytgacha tasavvur qilmagan narsamni ko‘rdim. Men mamlakatga, ularning sportni rivojlantirish uchun qilayotgan ishlari, ularni sportni sevishlarini doim hurmat qilib kelganman. Shuning uchun bu xunuk holat meni ikki baravar qattiq xafa qildi», deya so‘zini yakunladi Fazel.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish