Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonlik chegarachilar Qirg‘iziston bilan chegarada ro‘y bergan noxush voqea sabablarini ma'lum qilishdi
O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatining Davlat chegarasini qo‘riqlash qo‘mitasi matbuot xizmati 19 mayda soat 13:45 da Farg‘ona viloyati, Farg‘ona tumani Kaptarxona aholi punkti hududida ikki nafar qirg‘izistonlikning yaralanishi holatiga izoh berib o‘tdi.
Davlat chegarasini qo‘riqlash qo‘mitasi matbuot xizmati ma'lumotlariga ko‘ra, Quvasoy chegara otryadining naryadi tomonidan chegaraoldi hududida mahsulot-moddiy qimmatliklar ortilganlik alomati bilan Qirg‘iziston davlat raqamiga ega “Audi” rusumidagi avtomobili aniqlangan.
“Avtomobil ikkita notanish yo‘lovchilarni olib, Qirg‘iziston tomonga yo‘l oldi. Haydovchi to‘xtash haqidagi qonuniy talablarga bo‘ysunmadi. Bundan tashqari, haydovchi transport vositasini to‘xtatish uchun qurol ishlatishga majbur bo‘lgan harbiy xizmatchilarni bosib ketishga uringan. Ularni ushlash uchun amalga oshirilgan harakatlarga qaramasdan, qoidabuzarlar Qirg‘iziston hududiga o‘tib ketishgan”, deyilmoqda matbuot xizmati bergan xabarda.
Bu holat oxirgi hafta ichida sodir bo‘lgan uchinchi shunday holatdir. O‘zbekistonlik chegarachilar 12 mayda Farg‘ona viloyatining So‘g‘ tumani Xushyor qishlog‘ida respublika hududidan 15 tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Qirg‘izistonga olib chiqib ketilishi holatining oldini oldilar. Qoidabuzarlarni to‘xtatishda yuzaga kelgan otishma oqibatida davlat chegarasini buzgan Qirg‘iziston fuqarosi, 22 yoshli Maxmudjon o‘g‘li Mansur halok bo‘lgan edi. 15 mayda esa So‘g‘ tumanining Chashma aholi punkti yaqinidagi chegara hududida “Hyundai Porter” avtomobili to‘xtatilib tekshirilganda uning ichida 1,5 tonna garmdori borligi aniqlangan.