Sport | 07:37 / 19.05.2015
2417
3 daqiqa o‘qiladi

Tekvando bo‘yicha Jahon chempionatida O‘zbekiston termasi 4-o‘rinni egalladi

Rossiyaning Chelyabinsk shahrida taekvondoning olimpiya o‘yinlari dasturidan o‘rin olgan WTF yo‘nalishi bo‘yicha jahon chempionati yakunlandi. 18 mayda musobaqaning so‘nggi kunida so‘nggi medallar jamlanmasi o‘z egalariga topshirildi.

Musobaqaning so‘nggi kuni dayanga chiqqan 80 kgvazn toifasidagi Maksim Rafalovich sovrindorlar safidan joy ola bilmadi. Shunday bo‘lsada, yakunda 1ta oltin, 2ta kumush medalini qo‘lga kiritgan O‘zbekiston terma jamoasi umumjamoa hisobida 4-o‘rinni egalladi.

Ta'kidlash joiz, Maksiming ukasi Nikita Rafalovich musobaqaning ikkinchi kungi bahslarida74 kgvazn toifasida kumush medalni qo‘lga kiritgandi. Ikki kun avval Dmitriy Shokin jahon chempionatining oltin, Jasur Boyqo‘ziyev esa kumush medali bilan taqdirlangan.

Eslatib o‘tamiz, ushbu jahon chempionatida dunyoning 141 davlatidan kelgan eng kuchli dayan ustalari g‘oliblik va shu bilan birga Rio-2016 Olimpiya o‘yinlarining muhim reyting ochkolari uchun bahs olib borishdi.

Umumjamoa hisobida birinchi o‘rin Janubiy Koreya terma jamoasi egalladi. Ushbu sport turi vakillari 4ta oltin, 1ta bronza medalini qo‘lga kiritishdi. 3ta oltin, 2ta bronza medaliga egalik qilgan Eron terma jamoasi ikkinchi, 2ta oltin, bittadan kumush va bronza medali bilan taqdirlangan Turkiya terma jamoasi kuchli uchlikka yakun yasadi.

Ana shu 4ta terma jamoadan tashqari, shuningdek, Xitoy Taypeyi, Buyuk Britaniya, Belgiya, Tailand, Ozarbayjon va Yaponiya terma jamoalari hisobida ham bir nafardan jahon chempioni bor. Umuman olganda, 150ga yaqin davlatdan 28tasi o‘z yurtiga kamida bitta bronza medali bilan qaytdi.

Ma'lumot uchun, Dmitriy Shokin ayni paytda taekvondoning ham ITF, ham WTF yo‘nalishida jahon chempioni bo‘lgan O‘zbekistondagi yagona sportchiga aylandi. U bu safar eng ko‘p 120 reyting ochkosiga ega bo‘ldi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish