Iqtisodiyot | 16:53 / 21.05.2015
3801
5 daqiqa o‘qiladi

Tadbirkorlar himoyasi kuchaymoqda

Mamlakatimizda keyingi yillarda tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatiga asossiz aralashuvlarni oldini olish, ularning faoliyat yuritishlari uchun har tomonlama qulay sharoit yaratish bo‘yicha tizimli va keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Prezidentimizning joriy yil 15 mayda qabul qilingan «Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta'minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-4725-sonli Farmonida tadbirkorlikni jadal rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar va imkoniyatlar yaratish, xususiy mulkni himoya qilish kafolatlarini kengaytirish masalalari bilan bir qatorda tadbirkorlar faoliyatiga aralashuvlarni yanada cheklashga qaratilgan me'yorlar qabul qilindi.
Farmonga muvofiq 2015 yilning 1 iyulidan e'tiboran xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarda rejali tekshirishlar davriyligi va muddatlari, qo‘zg‘atilgan jinoiy ishlar bo‘yicha tekshirishlar o‘tkazish tartibiga o‘zgartirishlar kiritildi.

Xususan, Farmonning 2-bandida barcha nazorat organlari uchun rejali tekshirishlar davriyligi birxillashtirilib, 2015 yil 1 iyuldan boshlab nazorat qiluvchi organlar tomonidan mikrofirma, kichik korxona va fermer xo‘jaliklari faoliyatidagi barcha rejali tekshirishlar ko‘pi bilan 4 yilda bir marta, boshqa tadbirkorlik sub'yektlarida esa ko‘pi bilan 3 yilda bir marta Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi qarori asosida amalga oshrilishi belgilandi.
Ma'lumki, rejali tekshirishlarni o‘tkazish davriyligi bo‘yicha shunday tartib faqat tadbirkorlik sub'yektlarining moliya-xo‘jalik faoliyati bo‘yicha o‘tkaziladigan tekshirishlar uchun belgilangan edi. Boshqa nazorat organlari uchun har xil rejali tekshirishlar davriyligi belgilanganligi sababli 2011-2015 yillarda 136 ta sub'yektda 2 martadan, 58 ta sub'yektda 3 martadan turli nazorat organlari tomonidan rejali tekshirishlar o‘tkazilgan.

Belgilangan yangi me'yor tadbirkorlik sub'yektlarini turli nazorat organlari tomonidan har yili yoki ikki yilda bir marta rejali tekshirish o‘tkazish imkonini cheklab, tadbirkorlarning tekshirishga ortiqcha vaqt sarflanishining oldini olishga, tadbirkorlarning o‘zining asosiy faoliyati bilan shug‘ullanishiga ko‘proq imkoniyat yaratilishiga olib keladi.
Shuningdek, tadbirkorlik sub'yektlarida o‘tkaziladigan moliya-xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan, ya'ni buxgalteriya va boshqa hujjatlarni o‘rganishni talab etmaydigan rejali tekshirishlar muddati 10 kalendar kunidan oshmasligi belgilandi. Mazkur me'yor ham rejali tekshirishlar o‘tkazish davrida tadbirkorlik sub'yektlarining vaqtini ortiqcha yo‘qotilishining oldini olishga qaratilib, endilikda moliya-xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan rejali tekshirishlarning o‘tkazish muddati 3 baravarga qisqartirildi.

Amaldagi qonunchilikda barcha tekshirishlar uchun 30 kunlik muddat belgilangan, lekin nazorat organlari tomonidan 2014 yilda o‘tkazilgan tekshirishlarning 80,1 foizi 10 kungacha bo‘lgan muddatda yakunlangan. Ushbu normani kiritilishi tekshirishga sarflanadigan 13,5 ming ish kunini qisqarishi va undan tadbirkorlar o‘z biznesini rivojlantirish uchun foydalanishi imkoniyatini yaratadi.

Farmonda tadbirkorlik sub'yektlarining moliya-xo‘jalik faoliyatini rejali tekshirishlarda faqatgina oxirgi tekshiruvdan keyingi davr qamrab olinishi ham aniq belgilab qo‘yildi. Shuningdek, adolatlilik prinsipini ta'minlash maqsadida qo‘zg‘atilgan jinoiy ishlar bo‘yicha xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar faoliyatidagi tekshirishlarda advokatning majburiy ishtirok etishini joriy etilishi ham (xo‘jalik yurituvchi sub'yekt tomonidan ushbu huquqning rad etilish holatlari bundan mustasno) tekshirish jarayonida ularning huquqlari ta'minlanishi kafolatini yaratadi.
Hozirgi kunda, mazkur Farmon talablaridan kelib chiqqan holda Kengash tasdiqlagan 2015 yil tekshirishlar reja jadvalining iyul-dekabr oylariga tegishli qismini qayta ko‘rib chiqib, tegishlicha oxirgi rejali tekshirishlariga 3 va 4 yil to‘lmagan sub'yektlarni reja-jadvaldan chiqarish, shuningdek qabul qilingan yangi me'yorlar asosida tekshirishlarni tartibga solishga doir amaldagi me'yoriy- huquqiy hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha ish olib borilmoqda.

E.JO‘RAYeV,
Davlat soliq qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish