O‘zbekiston | 10:45 / 23.05.2015
3583
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda badiiy gimnastika bo‘yicha jahon kubogi bosqichi boshlandi

Toshkent shahrida badiiy gimnastika bo‘yicha jahon kubogi bosqichi va “Happy Caravan – 2015” xalqaro turniri boshlandi. Badiiy gimnastika bo‘yicha bolalar-o‘smirlar ixtisoslashtirilgan respublika olimpiya zaxirasi sport maktabida musobaqalarning tantanali ochilish marosimi bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, Gimnastika federatsiyasi hamkorligida Xalqaro gimnastika federatsiyasi shafeligida tashkil etilgan turnirlarda ishtirok etish uchun O‘zbekiston, Janubiy Koreya, Yaponiya, Rossiya, Latviya, Belarus, Bolgariya, Malayziya, Ozarbayjon, Armaniston, Janubiy Afrika Respublikasi, Ispaniya, Italiya, Argentina, Shveytsariya, Finlyandiya, Isroil va boshqa mamlakatlardan eng kuchli gimnastikachilar kelgan. 

O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi prezidenti L.Karimova-Tillayeva xalqaro musobaqalarni ochiq deb e'lon qildi.

Maqomiga ko‘ra Olimpiya o‘yinlari va jahon chempionatiga yaqin turadigan bunday yuksak saviyadagi badiiy gimnastika musobaqalari O‘zbekistonda birinchi marta o‘tkazilayotgani yo‘q. Toshkent shahri badiiy gimnastika bo‘yicha jahon kubogi bosqichlari, 2010 va 2013 yillarda Osiyo chempionati, 2014 yilning aprel oyida sport gimnastikasi bo‘yicha qit'a chempionatiga mezbonlik qilgan. 

Davlati rahbarining 2013 yil 25 fevraldagi “O‘zbekiston sportchilarini 2016 yilda Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta'minlash yuzasidan ishlab chiqilgan tayyorgarlik dasturiga ko‘ra, gimnastika ham mamlakatimizda yetakchi sport turlari qatoridan joy oldi.

Joriy yilgi sport mavsumida O‘zbekiston badiiy gimnastikachilari nufuzli musobaqalarda yuqori natijalarga erishmoqda. Gretsiyaning Afina shahrida o‘tkazilgan “Aphrodite Cup – 2015” xalqaro turnirida O‘zbekiston gimnastikachilari uchtadan oltin va kumush hamda bitta bronza medalni qo‘lga kiritdi. 

Yaqinda Bolgariyaning Varna shahrida sport gimnastikasi bo‘yicha jahon chaqiruv kubogining navbatdagi bosqichida hamyurtimiz Oksana Chusovitina oltin medalga sazovor bo‘ldi. Badiiy gimnastika bo‘yicha Fransiyada o‘tkazilgan Gran-pri turnirining jamoaviy bahslarida ishtirok etgan terma jamoamiz a'zolari bronza medalni qo‘lga kiritdi. 

Toshkent shahrida boshlangan badiiy gimnastika bo‘yicha jahon kubogi va “Happy Caravan” xalqaro turnirida dunyoning eng kuchli yuzga yaqin gimnastikachisi o‘z iste'dod va mahoratini namoyish etmoqda. 

Mazkur xalqaro turnirning yakkaliklar o‘rtasidagi bahslarida Anora Davlatova, Nilufar Shomurodova, Jasmin Yusupova, Yelizaveta Nazarenkova, Anastasiya Serdyukova va Ravilya Farxutdinova singari gimnastikachilarimiz Vatanimiz sharafini himoya qilmoqda. Guruh bahslarida Luiza G‘aniyeva, Marta Rostoburova, Zarina Qurbonova, Valeriya Davidova va Samira Amirovadan iborat jamoamiz qatnashmoqda. 

Musobaqalarning tantanali ochilish marosimida katta konsert namoyish etildi. 

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish