Jahon | 22:09 / 24.05.2015
2749
2 daqiqa o‘qiladi

Gretsiyada Xalqaro valyuta jamg‘armasiga qarzini to‘lash uchun pul qolmadi

Gretsiya iyun oyida Xalqaro valyuta jamg‘armasiga qarzini to‘lash uchun navbatdagi transhni o‘tkazmaydi, chunki mamlakatda bu uchun pul qolmadi. Bu haqda Gretsiya Ichki ishlar vaziri Nikos Vutsis ma'lum qildi.

“XVJga iyunda to‘lanadigan transh miqdori 1,6 mlrd yevroni tashkil qiladi. Bu pullar o‘tkazilmaydi, chunki o‘tkazish uchun hech nima yo‘q”, deb aytdi vazir teleko‘rsatuvlardan birining efirida.

Aprel oyi boshida Vutsis Gretsiya XVJga navbatdagi to‘lovni o‘tkazib bera olmasligini ta'kidlab o‘tgan. Uning aytishicha, o‘shanda Afinada bor-yo‘g‘i yarim oyga yetadigan pul qolgan edi, biroq hukumat uchun maoshlar va pensiyalarni to‘lash qarzni to‘lashdan muhimroq bo‘lgan. Ammo shunga qaramay pullar muddatida to‘lab berilgan.

Gretsiyaning kreditorlar oldidagi umumiy qarzdorligi 320 mlrd yevroni tashkil qilmoqda. Gretsiya muammosining mohiyati shundaki, olinayotgan moliyaviy yordam avval olingan qarzlarni yopish uchun sarflanmoqda. Vaziyat shunisi bilan chuqurlashmoqdaki, hozirgi hukumat hokimiyatga xalqaro kreditorlar tomonidan suqilayotgan qattiq tejamkorlik siyosatidan voz kechishga va'da qilgan holda kelgan. Vaziyat juda keskinlashib ketsa, hammasi Gretsiyaning defolt e'lon qilishi yoki yevrozonadan chiqib ketishi bilan yakunlanishi mumkin.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish