Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Malaysia Airline halokatlardan o‘nglanib olish uchun yalpi rebrending o‘tkazadi
Malaysia Airline aviakompaniyasi Boeing 777-200ER laynerlarining bir nechta halokatidan so‘ng yalpi rebrending o‘tkazishga qaror qildi. Bu haqda kompaniyaning yangi bosh direktori Kristof Myuller Reuters agentligiga bergan intervyusida ma'lum qildi.
Myuller kompaniya start-ap singari yangi nom, yangi brend bilan ish boshlashini ta'kidlab o‘tdi.
Aytilishicha, kompaniya biznesni restrukturizatsiya qilib, personalni 30 foizga qisqartirishi, noixtisoslik aktivlaridan qutulishi rejalashtirilmoqda. Ayni paytda kompaniya strukturasida 20 ming kishi mehnat qiladi.
Myullerning hisob-kitoblariga ko‘ra, kompaniya bugun raqobatchilaridan daromadlari bo‘yicha 20 foizga ortda qolmoqda. Ammo, shu bilan birga, keyingi uch yil davomida raqiblardan o‘zib ketishga barcha imkoniyatlar mavjud.
“Meni qisqa muddat ichida yangi kompaniyani ishga tushirishim uchun yollashdi. Bizning vaqtimiz va imkoniyatlarimiz cheklangan”, – tan oldi bosh direktor.
2014 yilda sodir bo‘lgan ikkita aviahalokat kompaniyaning moliyaviy ko‘rsatkichlariga kuchli zarba berdi. 8 mart kuni MN370 reysi bilan Kuala-Lumpurdan Pekinga uchayotgan Boeing 777-200ER layneri bortidagi 239 yo‘lovchi bilan g‘oyib bo‘ldi. Uning hatto qulagan yeri ham bugungi kunga qadar topilgani yo‘q.
Ikkinchi halokat o‘tgan yilning 17 iyulida sodir bo‘ldi. MH17 Amsterdam — Kuala-Lumpur reysini amalga oshirayotgan Boeing 777-200ER layneri Ukrainaning Torez shahri yaqinida halokatga uchradi. Samolyot bortidagi barcha 298 kishi halok bo‘ldi.