Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kanadalik ixtirochi “uchar skeyt”da parvoz qilish bo‘yicha Ginness rekordini o‘rnatdi
Kanadalik ixtirochi Katalin Aleksandr Duru “Kelajakka qaytish” filmidagi parvoz qiluvchi skeytga o‘xshash uchish qurilmasi – xoverbordni yig‘di. Ixtirochi bu qurilmasida 275,9 metr uzoqlikka uchib, Ginness rekordlar kitobidan o‘rin oldi. U avvalgi rekordchilar erishgan ko‘rsatkichdan 5 martadan ko‘proq natijaga erishishga muvaffaq bo‘ldi.
Kanadalikning parvozi aks etgan videoda u o‘zi yasagan qurilmada havoga ko‘tarilib, bir necha daqiqa davomida suv ustida parvoz qilgani, so‘ngra keskin pastlagani tasvirlangan.
“Men butun dunyoga xoverbord barqaror parvozni ta'minlashini ko‘rsatmoqchi bo‘ldim. Ko‘rganingizdek, inson bu qurilmani oyoqlari bilan boshqarib, unda bemalol turishi mumkin”, deb aytmoqda kanadalik ixtirochi.
Katalin Aleksandr Duru o‘z ixtirosi ustida qariyb bir yil davomida ish olib bordi. Uning aytishicha, kelajakda bu qurilmadan shahar va boshqa joylarda harakatlanish uchun foydalanish mumkin. Ixtirochi agar istalsa xoverbord ko‘proq balandlikka ko‘tarilishi va yaqin orada buni namoyish qilishini ta'kidlamoqda.
Ma'lumot uchun, xoverbord –parvoz qilish uchun mo‘ljallangan maxsus doska bo‘lib, u ilk bor “Kelajakka qaytish” filmida 1989 yilda namoyish qilingandan keyin ko‘pchilik ixtirochilar uni mustaqil yasashga harakat qilishgan. Yaqin kungacha bu qurilmada bosib o‘tilgan maksimal masofa 50 metrni tashkil qilayotgan edi.