O‘zbekiston | 20:49 / 29.05.2015
8338
2 daqiqa o‘qiladi

Dorbozlik san'ati YuNeSKOning madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilishi mumkin

O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi huzuridagi Respublika xalq ijodiyoti va madaniy-ma'rifiy ishlar ilmiy-metodik markazi dorbozlik san'atini YuNeSKOning Nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritish taklifi bilan ariza topshirdi.

Taklif arizasi Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha hukumatlararo qo‘mitasi tomonidan 2015 yilning noyabr oyida ko‘rib chiqiladi.

Ma'lumot uchun, dorbozlik, dor o‘yin — baland dor ustida tomosha ko‘rsatish san'ati, sirk san'ati janridir. Unda dor ustida har qanday noturg‘un holatda ham gavda muvozanatini saqlash mahorati namoyish etiladi.

O‘zbekistonda dorbozlik qadim tarixga ega. Ba'zi manbalar Amir Temur saroyida dor o‘yinlari ko‘rsatilganini tasdiqlaydi. O‘zbek dorbozlari 25 — 30 m balandliqdagi ustunlarga qiya qilib tortiladigan arqon ustida langar-cho‘p bilan bog‘ladigan o‘yinlarni: yugurish, sakrash, oyoqlarga pichoq yoki patnis bog‘lab, shuningdek, ko‘zni bog‘lab, boshga xalta yoki qozon kiyib yurish, yakka va qo‘sh chig‘iriqda o‘ynash kabi turli-tuman mashqlarni bajargan.


Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish