Texnologiya | 07:59 / 29.05.2015
2500
2 daqiqa o‘qiladi

Lenovo kompaniyasi shokolad bosib chiqaruvchi printer yaratadi

Dunyo darajasida reytingni ushlab turish uchun Xitoyning elektronika ishlab chiqaruvchi kompaniyasi Lenovo o‘z biznesini rivojlantirishni noodatiy qurilmalarni ishlab chiqarishga yo‘naltirishga qaror qildi.

Kompaniya yaratmoqchi bo‘lgan yangi qurilmalardan biri shokoladdan istalgan mahsulot bosib chiqaruvchi 3D-printer bo‘ladi. Hozircha Lenovo bu qurilmani qachon ommaviy ravishda ishlab chiqarishi haqida hech qanday ma'lumot berilmagan. Biroq shunisi aniqqi, u ko‘pchilik shirinlikxo‘rlar va qandolatchilik vakillarining e'tiborini o‘ziga jalb qiladi.

Biroq Lenovo nafaqat shirinliklarni xush ko‘ruvchilar, balki o‘z vazni haqida qayg‘uradiganlar uchun ham qurilmalar yaratmoqda. Kompaniya namoyish qilgan shunday qurilmalardan biri “aqlli” krossovkalar bo‘ldi. Sport poyafzali odamning kayfiyatini aniqlashi mumkin, biroq uning eng asosiy vazifasi odam yurganda yo‘qotadigan kaloriyalar sonini hisoblashdan iborat. Bu qurilma vazn tashlamoqchi bo‘lganlar yoki shunchaki o‘z qomatini me'yorda ushlab turuvchilar uchun juda asqotadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish