Jamiyat | 07:34 / 02.06.2015
8605
2 daqiqa o‘qiladi

Buyuk Britaniyada islom diniga e'tiqod qiluvchilar soni jadal sur'atlar bilan o‘smoqda

Buyuk Britaniyada anglikan cherkovi oxirgi yillarda o‘zining e'tiqodchilarining 2 millionga yaqinini yo‘qotdi, islom dini esa mamlakatda dindorlar orasida tez sur'atlar bilan o‘sayotgan dinga aylandi. Bu haqda Independent gazetasi ma'lum qilgan.

Jamoatchilik fikrini bilish maqsadida Buyuk Britaniyaning ijtimoiy tadqiqotlar milliy markazi tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnomada anglikan cherkovida ibodat qiluvchi britaniyaliklar soni 2012 yildan 2014 yilgacha davr mobaynida 21 foizdan 17 foizga, ya'ni 1,7 mln kishiga kamayib ketgani aniqlandi. Hozirda mamlakatning 8,4 mln kishisi o‘zini anglikan deb hisoblaydi.

Shu davr ichida islom diniga e'tiqod qiluvchi odamlar soni millionga ko‘paygan va bu rekord ko‘rsatkich hisoblanadi hamda islom dinini Birlashgan qirollikda eng tez sur'atlar bilan o‘sayotgan dinga aylantiradi. Mamlakatning 2,4 mln aholisi islom diniga e'tiqod qiladi.

Sobiq arxiyepiskop, Kenterberiy lordi Jorj Keri agar bu tendensiyaga qarshi choralar ko‘rilmasa, Angliya cherkovi yo‘qolib ketish chegarasiga kelib qolishidan ogohlantirmoqda.

So‘ralganlarning 49 foizi o‘zlarini hech qaysi bir dinga mansub emasliklarini aytishgan.

Britaniyaning musulmon jamoatchiligi G‘arbiy Yevropadagi eng yiriklaridan biri hisoblanadi va turli hisob-kitoblarga 2,8 mln kishidan iborat. Mamlakatda 1,5 mingta masjid faoliyat yuritadi. Musulmon ahlining aksariyat qismi – millionga yaqin musulmon Londonda istiqomat qiladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish