O‘zbekiston | 17:22 / 03.06.2015
5318
5 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda odam savdosiga qarshi kurashishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi

Toshkent shahar bojxona boshqarmasi va “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi tomonidan poytaxtimizdagi 1-Respublika tibbiyot kollejida “Odam savdosi: global muammoga qarshi birga kurashaylik!” mavzusida uchrashuv tashkil qilindi.

Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasi, Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish va ularni himoya qilish bo‘yicha Respublika reabilitatsiya markazi va “Istiqbolli avlod” ijtimoiy axborot markazi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan mazkur tadbirda kollej talabalari, ustoz-murabbiylar, bojxonachilar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Ta'kidlanganidek, hozirgi paytda yer yuzida 2,7 mln. nafardan 4 mln. nafargacha kishilar odam savdosi qurboniga aylangan bo‘lib, ushbu jinoiy faoliyat natijasida jinoyat olami vakillari orttirayotgan daromad miqdori 7-12 mlrd. AQSh dollarini tashkil qilmoqda. Eng achinarlisi, dunyoning 150 dan ortiq davlatlarini qamrab olgan mazkur global muammo domiga tortilayotganlarning 700-800 mingdan ortig‘i aldov yo‘li bilan chet ellarga olib ketilgan bolalar va ayollar hisoblanadi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Odam savdosiga qarshi kurash samaradorligini oshirish bo‘yicha choralar to‘risida” 2008 yil 8 iyulda qaroriga muvofiq odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika idoralararo komissiyasi tashkil etilishi ushbu transmilliy jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashish samaradorligini yanada oshirgani ta'kidlandi.

Toshkent shahrida komissiyaning O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi huzurida Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish va ularni himoya qilish bo‘yicha 30 o‘ringa mo‘ljallangan Respublika reabilitatsiya markazi tashkil etilgan.

Mazkur markazning maqsad va vazifalari, bugungi faoliyati va uni amalga oshirish tartiblari, markazda yaratilgan shart-sharoitlar haqida ushbu markaz direktori o‘rinbosari Q.Qosimov atroflicha to‘xtalib o‘tdi. Unga ko‘ra, mazkur markaz odam savdosi jabrdiydalariga kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy, psixologik, ijtimoiy, yuridik va boshqa yordam ko‘rsatish, ularning qarindoshlari bilan muloqot o‘rnatishida va ijtimoiy reabilitatsiya qilishda ko‘maklashish kabi vazifalarni amalga oshirib kelmoqda.

O‘zbekiston Respublikasiga kirish va chiqish bojxona postlarida ma'sul xodimlar tomonidan ishlash maqsadida chegara orqali harakatlanayotgan respublikamiz fuqarolariga odam savdosi qurboni holatiga tushib qolmasligi yuzasidan alohida suhbatlar o‘tkazilib tegishli tahlil ishlari olib borildi. Bundan tashqari ushbu yo‘nalishda tezkor va profilaktik tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha tezkor qidiruv va tezkor aniqlov ishlari yo‘lga qo‘yilgan.

Ayni paytda barcha chegara bojxona postlarida odam savdosidan ogohlantirishga qaratilgan devoriy ko‘rgazmalar, fuqarolarga ma'lumot berish bo‘yicha “Ishonch telefonlari” tashkil etilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2014 yil 5 avgustda 2606-son bilan ro‘yxatga olingan "Yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirish va rasmiylashtirish tartibi to‘g‘risidagi Yo‘riqnoma"ga asosan jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegaralarini kesib o‘tish chog‘ida rasmiylashtirilayotgan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyalarining 3-bandida bojxona chegarasidan o‘tayotgan har bir fuqaroning safar maqsadi ko‘rsatilishi qat'iy nazorat qilib borilmoqda.

Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha birgina “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda 2014 yil va joriy yilning o‘tgan davri mobaynida10 gayaqin qonunbuzilish holati fosh qilingan.

Toshkent shahar bojxona boshqarmasi tomonidan esa o‘tgan yillar davomida ko‘rilgan tezkor qidiruv tadbirlari samarasi o‘laroq, 15 dan ortiq yosh qizlarning ishonchiga kirib, aldov yo‘llari bilan Birlashgan Arab Amirliklari, Turkiya, Rossiya, Hindiston kabi davlatlarga olib chiqib ketib, kelgusida fohishabozlikka majburlashni ko‘zlagan bir guruh shaxslar qo‘lga olinib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.

Tadbirda “Istiqbolli avlod” ijtimoiy axborot markazi mutaxassisi Sh.Qosimova ham ishtirok etib, markazning bugungi faoliyati, mazkur muammoga qarshi kurashishda yoshlar bilan ishlash borasida amalga oshirilayotgan targ‘ibot ishlari xususida batafsil to‘xtalib o‘tdi.

Uchrashuv so‘nggida, kollej talabalariga “Istiqbolli avlod” ijtimoiy axborot markazi tomonidan tayyorlangan va o‘zida odam savdosi bo‘yicha muhim tavsiya va ko‘rsatmalarni aks ettirgan turli tarqatma materiallar tarqatildi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish