Iqtisodiyot | 16:01 / 07.06.2015
2390
3 daqiqa o‘qiladi

Joriy yilda Uchtepa tumanida tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlari buzilgan o‘nta holat aniqlangan

6 iyun kuni Toshkent shahar Uchtepa tumani hokimligi tomonidan tadbirkorlar uchun tashkil uchrashuv tashkil etildi. Unda Prezident Islom Karimov rahnamoligida mamlakat iqtisodiyotida xususiy mulkning o‘rni va rolini oshirish, xususiy mulk va tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi to‘siq va cheklovlarni bartaraf etishga alohida e'tibor qaratilayotgani ta'kidlandi

Tadbirda Toshkent shahar hokimi R.Usmonov ishtirok etdi. 

Uchtepa tumanida 4600dan ziyod tadbirkorlik sub'yekti ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lib, shundan 4100 dan ortig‘i kichik biznes sub'yektidir. Tumanda “Elektroizolit”, “Shayxontohurtekstil” hamda “Baypak tekstil” singari yirik sanoat korxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda. 

Tadbirkorlik sub'yektlarining tuman iqtisodiyotidagi salmog‘i tobora oshib bormoqda. Xususan, 2014 yilda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishda kichik biznesning ulushi 90,1 foizni, xizmat ko‘rsatishda 56, yuk tashishda 94,1, qurilish ishlarida 93,2 foizni tashkil etdi. Tumanda yaratilgan yangi ish o‘rinlarining 67,3 foizi tadbirkorlar hissasiga to‘g‘ri keladi. 

O‘tgan yilda tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida hududdagi 292 korxonaga investitsiya kiritilishi natijasida kasb-hunar kollejlarining ikki mingdan ortiq bitiruvchisi ish bilan ta'minlandi. 

"Tadbirkorlarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoyalash prokuratura organlarining asosiy faoliyat yo‘nalishlaridan hisoblanadi. Joriy yilning o‘tgan davrida tuman prokuraturasi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlari buzilgan o‘nta holat aniqlanib, aybdor shaxslarga nisbatan tegishli choralar ko‘rildi", – deydi Uchtepa tumani prokurori yordamchisi Asror Turg‘unov. 

Uchrashuvda mahalliy davlat hokimiyati organlari va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari tomonidan tadbirkorlarga faoliyatining qonun bilan belgilangan kafolatlari, soliq va bojxona imtiyozlariga doir masalalar yuzasidan tushunchalar berildi. Tadbirkorlarning savollariga mutasaddi idoralar mas'ul xodimlari javob qaytardi. 

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish