O‘zbekiston | 10:11 / 10.06.2015
1877
2 daqiqa o‘qiladi

Polshaning "ETIS" kompaniyasi O‘zbekiston bilan hamkorlik qiladi

ETIS Sp.z.o.o. kompaniyasining Polshadagi ofisida O‘zbekistonning iqtisodiy-sarmoyaviy salohiyatiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbir tashkilotchilari O‘zbekistonning Polshadagi elchixonasi hamda “ETIS Sp.z.o.o." kompaniyasi bo‘ldi

Tadbir chog‘ida qatnashchilarga O‘zbekistonning mustaqillik yillarida erishgan yutuqlari, 2014 yil ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish ko‘rsatkichlari va joriy yilning muhim iqtisodiy loyihalari, shuningdek, respublikada xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va imkoniyatlar haqida batafsil ma'lumot berildi. “Navoiy” EIIH, “Angren” va “Jizzax” MIHlariga sarmoyadorlarni jalb qilish masalasi ham ko‘tarildi. 

Uchrashuvda so‘zga chiqqan “ETIS Sp.z.o.o." kompaniyasi boshqaruv raisi L.Kuchinskiyning ta'kidlashicha, kompaniya turli sohalarda sarmoya kiritish va zamonaviy texnologiyalar, innovatsion dastgohlar bo‘yicha ulkan tajribaga ega. 

Uning fikriga ko‘ra, O‘zbekistonda yaratilgan qulay sarmoyaviy iqlim kompaniyaning O‘zbekiston bilan energiya tejovchi zamonaviy texnologiyalar va ko‘cha yoritgichlarini yetkazib berishga bo‘lgan qiziqishini oshirgan. 

Tadbir so‘nggida qatnashchilar O‘zbekiston bilan yanada keng miqyosda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish niyatida ekanligini bildirib o‘tishdi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish