Sport | 06:56 / 11.06.2015
3474
2 daqiqa o‘qiladi

Floyd Meyvezer eng badavlat sportchilar reytingida yetakchi bo‘ldi

Forbes jurnali har yilgidek sayyoraning eng badavlat 100 nafar sportchisi reytingini chop etdi. Oxirgi 4 yil ichida 3-marotaba ushbu reytingga AQShlik bokschi Floyd Meyvezer boshchilik qilmoqda.

Forbes`ning baholashi sportchilarning professional faoliyati va homiylik musobaqalaridagi ishtiroki, reklama shartnomalari va o‘z bizneslaridan olingan daromadlarni o‘z ichiga oladi. Umumiy miqdorda reyting ishtirokchilari 2014 yilning iyunidan 2015 yilning iyunigacha 3,2 mlrd dollar ishlab topishgan. Bu bir yil avvalgi ko‘rsatkichdan 1,7 foizni ko‘proqni tashkil etdi. Reytingga kirish chegarasi 17,3 mln.dan 18,8 mln dollargachani tashkil etdi.

Meyvezerning bir yillik daromadi 300 mln dollarga baholandi. 2-o‘rinni Menni Pakyao, 3-o‘rinni “Real” futbolchisi Krishtianu Ronaldu 79,6 mln dollar daromad bilan egalladi. Reytingning birinchi o‘ntaligiga Lionel Messi, tennischi Rojyer Federer, basketbolchilar Lebron Jyeyms, Kevin Dyurant va Kobe Brayant hamda golfchilar Fil Mikelson va Tayger Vuds ham kirdi.

Rossiyalik tennischi Mariya Sharapova 26-o‘rinni egalladi. Ekspertlar uning daromadini 29,7 mln dollarga baholashgan. Ukrainalik bokschi Vladimir Klichko 22,5 mln dollar daromad bilan 63-o‘rinni egalladi.

Ushbu reytingdan eng ko‘p o‘rinni beysbolchilar egalladi. 100 nafar eng badavlat sportchilar reytingiga 27 nafar beysbolchi kiritildi. Biroq bu reytingga birorta ham xokkeychi kiritilmadi. Xokkeychilardan eng ko‘p daromadni Sidni Krosbi (16,5 mln dollar) ishlab topgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish