Sport | 12:21 / 18.06.2015
1424
2 daqiqa o‘qiladi

Alves Kolumbiyaga qarshi o‘yinda Neymarga qizil kartochka ko‘rsatgan hakamni aybladi

Braziliya terma jamoasi himoyachisi Dani Alves Amerika Kubogi-2015 doirasida Kolumbiyaga qarshi kechgan mag‘lubiyatli o‘yin so‘ngida Neymar qizil kartochka olgan vaziyat bo‘yicha fikr bildirdi.

"Neymar aynan nega bunchalik asabiylashganini aniq ayta olmayman. Lekin bunga hakam aybdor deb bilaman. Hakam Neymarning qiziqqon xarakterga egaligini bilardi. Unga ikkinchi kartochka ko‘rsatilishi xato bo‘ldi.

Hakamlar futbolchilarga o‘z raqiblari sifatida qarashni bas qilishi kerak. Ular o‘yinda hakamlik qilishlari kerak xolos.
Braziliya ishtirokidagi o‘yinlarning deyarli har birida shunday nohaqliklar ro‘y beradi. Bu voqeadan keyin hamma bizni yomon ko‘rib qolishi mumkin.
Biz endi xotirjamlikni saqlagan holda o‘z o‘yinimizni ko‘rsatishimiz kerak. Bizda yosh bo‘lsa ham, tajribali jamoa mavjud", deydi Alves.

Eslatib o‘tamiz, o‘yinga yakun yasovchi hakam hushtagi chalingach, Neymar to‘pni raqib futbolchisi Pablo Armeroning ko‘ksiga qarata tepgan. Bu vaziyatda o‘z sherigini himoya qilish uchun yetib kelgan Bakka va Neymar o‘rtasida janjal kelib chiqqan. Hakam esa ularning har ikkisiga qizil kartochka ko‘rsatgan.

Endi Neymar guruhning uchinchi o‘yinida Venesuelaga qarshi bahsni o‘tkazib yuboradi. Bakka esa Peruga qarshi o‘yinda maydonga tusha olmaydi.


Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish