Jamiyat | 08:24 / 18.06.2015
4680
2 daqiqa o‘qiladi

Moskvada Ramazon chodiri ochildi

17 iyun kuni Moskvada Poklonnaya goradagi yodgorlik masjidi binosi yonida kechki payt “Ramazon chodiri”ning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ramazon oyi boshlanishi munosabati bilan musulmonlarning yirik xayriya va madaniy-ma'rifiy loyihasining ochilishida Rossiya prezidenti ma'muriyati, Moskva hokimiyati hamda an'anaviy dinlar vakillari ishtirok etishdi.

“Ramazon chodiri” hamma uchun – musulmonlar uchun ham, musulmonlar bo‘lmaganlar uchun ham ochilgan. Biz sizni har kuni mehmonda ko‘rishdan xursand bo‘lamiz!”, deb yozdi Rossiya muftiylar kengashi raisi Ravil G‘aynutdin “Ramazon chodiri”ga tashrif buyurgan barcha mehmonlarga ulashilgan “Ro‘zador kundaligi” broshyurasida.

Ravil G‘aynutdin Ramazon oyida har qanday jangovor harakatlar, tartibsizlik, janjallar man qilinishi eslatib o‘tdi. “Bu kunlarda Tangriga qalbimizni ochib, o‘zimizning eng yaxshi sifatlarimizni namoyon qilishimiz, ginalarni unutishimiz, muhtojlarga yordam berishimiz, jamoa holida iftorliklar o‘tkazishimiz, qarindoshlik rishtalarini mustahkamlashimiz, rahmdilroq bo‘lishimiz lozim”, deb aytdi G‘aynutdin.

Moskva Musulmonlar diniy boshqarmasi rahbari, Moskva jome' masjidi imom xatibi Eldor Oloviddinov marosimga yig‘ilganlarni qarshilab, barchani “kunning yorug‘ qismida nafaqat yegulik va ichimlikdan qaytishga, balki ruhan boyish va ma'naviy kamolotga erishishga intilishga” chaqirdi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish